Ijroiya qoʻmita yigʻilishida joriy yilda oʻtkaziladigan Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasi kun tartibi bilan bogʻliq masalalar muhokama etiladi. Jumladan, 144-Assambleyaga tayyorgarlikning borishi, Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi, ochiqlik hisobotiga rioya etish holati, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Kommunikatsiya strategiyasining dastlabki loyihasi koʻrib chiqiladi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning taklifiga koʻra, ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etadi. A.Saidov 2020-yildan buyon Parlamentlararo Ittifoqning Vitse-prezidenti hisoblanadi.

Maʼlumot uchun: Parlamentlararo Ittifoq 1889-yilda tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda 179 ta mamlakat parlamenti mazkur nufuzli parlamentlararo tashkilotga aʼzodir.

Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqindan hamkorlikda ishlaydi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi tashkilot maqomi berilgan.

Oʻzbekiston 2017-yil oktyabrida Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo boʻlgan va uning 138-141-Assambleyalarida ishtirok etgan. Xususan, Parlamentlararo Ittifoqning 2019-yil 18-oktyabrda boʻlib oʻtgan 141-Assambleyasida Yevroosiyo guruhidan – Oʻzbekiston parlamenti namoyandasi A.Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi etib saylangan.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.