Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti oʻz ishini boshladi.
Toshkent sammitida BMT, Parlamentlararo Ittifoq va unga aʼzo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol-spikerlari, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 17 ta davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamkorligida tashkil etilgan anjuman “Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali taʼminlashda xavf-xatarlarni baholash” mavzusida oʻtkazilmoqda.
Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu nufuzli anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatini Prezident matbuot kotibi Sh.Asadov oʻqib eshittirdi.
Sammitning asosiy maqsadi COVID-19 pandemiyasi va u bilan bogʻliq inqiroz oqibatlarini hisobga olgan holda barqarorlik va farovonlikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish boʻyicha parlamentlar faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va harakatlarini belgilashdan iborat.
Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu nufuzli anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini Prezident administratsiyasi rahbari oʻrinbosari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Sammitni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochar ekan, anjuman kun tartibidagi barcha mavzular oʻta dolzarb, dunyo mamlakatlarining kelajak taqdiri uchun katta ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdi. Anjumanda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarni, xususan, yangi xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha konstruktiv takliflar ishlab chiqish, ularni birgalikda amalga oshirish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni belgilab olish maqsad qilingani taʼkidlandi.
Parlamentlararo Ittifoq raisi Duarte Pacheko soʻzga chiqib, Toshkent sammit yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Sammitda koʻrilayotgan masalalar va ulardan kelib chiqadigan xulosalar xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada samaraliroq taʼminlashga xizmat qilishini aytib oʻtdi.
Anjuman ishi “Pandemiyadan keyin global tiklanishga toʻsqinlik qiladigan xavflarni bartaraf etish” hamda “Texnologiyalar bilan bogʻliq xavflarning oldini olish va texnologiyalar olamida inson huquqlari va gender tenglikni himoya qilish” mavzularidagi ikkita sessiya doirasida tashkil etiladi.
Birinchi sessiyada tenglik, inklyuzivlik va atrof- muhit muhofazasiga asoslangan barqaror rivojlanish nuqtayi nazaridan iqtisodiyotni tiklash, reproduktiv salomatlikni muhofazalash boʻyicha zarur chora-tadbirlar hamda COVID-19 pandemiyasidan keyin iqtisodiyotni tiklash boʻyicha eng yaxshi amaliyotlarni muhokama qilishi rejalashtirilgan.
Kuning ikkinchi yarmida boʻlib oʻtadigan ikkinchi sessiyada COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq holda raqamli iqtisodiyot va mehnat sohasida texnologik innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, milliy va xalqaro miqyosda raqamli tafovutni bartaraf etish uchun amalga oshirilayotgan tashabbuslar, shuningdek, parlamentlarning ayollar va qizlarning huquq va erkinliklarini internet olamida targʻib qilish va himoya qilishdagi harakatlari kabi masalalar ishtirokchilar eʼtiborida boʻladi.
Sammit ertaga, 9-sentyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri