Hozirda parrandachilik istiqbolli va chorvachilikdagi asosiy yoʻnalish ekani tan olinadi. Buning sabablardan biri parrandalarni saqlash uchun inshootlarning oddiy boʻlishidir. Bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlarida parrandachilikka katta eʼtibor qaratilmoqda.
Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda ulkan ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band boʻlishiga katta hissa qoʻshadi. Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilayotgani diqqatga sazovor.
Jumladan, Prezidentimizning “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼtiborga molik. Mazkur qarorga muvofiq, 2022-yil 1-iyundan 400 mlrd soʻmgacha kredit mablagʻlari hisobidan parrandachilik xoʻjaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oygacha revolver kreditlar ajratiladi. Shuningdek, qarorda parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha maqsadli davlat dasturlari boʻyicha kredit mablagʻlari 10 yilgacha muddatga 3 yilgacha imtiyozli davr bilan ajratilishi ham belgilangan.
Aytish joizki, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan qaror bilan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yil 29-iyunda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 529,2 mlrd soʻm (1-bosqich: 50 million AQSH dollari) miqdorida mablagʻlar ajratilgan edi.
Ushbu mablagʻlar hisobidan 203 ta parrandachilik xoʻjaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 500,8 mlrd soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi. Shundan qarorga asosan boshqa tijorat banklariga parrandachilik loyihalarini moliyalashtirgani uchun jami 95,8 mlrd soʻmlik resurs mablagʻlari yoʻnaltirildi.
Xususan, “Qishloqqurilishbank”ka 10 ta loyihaga – 29,8 mlrd soʻm, “Turonbank”ka 2 ta loyihaga – 11,5 mlrd soʻm, “Ipotekabank”ka 4 ta loyihaga – 52,3 mlrd soʻm hamda “Savdogarbank”ka (mazkur bank “Garant bank” deb nomi oʻzgarganini eʼlon qilgan) 1 ta loyihaga 2,2 mlrd soʻm oʻtkazib berildi. Buning hisobiga ushbu parrandachilik xoʻjaliklarida quvvatdan foydalanish 45 foizdan 80 foizga oshirilib, 410 mln dona tuxum, 15,4 ming tonna goʻsht, 106,7 ming tonna ozuqa ishlab chiqarish imkoni yaratildi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 2022-yilda qiymati 13 mlrd soʻmlik 15 ta loyiha amalga oshirilgan boʻlib, ushbu parrandachilik korxonalarida 477 ming bosh parranda boqilmoqda. Natijada yiliga 41 mln dona tuxum va 2,1 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish quvvatlari yaratildi, qoʻshimcha 187 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Joriy yilning 27-oktyabr kuni “Mikrokreditbank” ATB hamda “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida joylashgan tadbirkor Bahriddin Niyazov rahbarlik qilayotgan “Choʻl parrandasi” MJCHda bir guruh respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida OAV vakillari parranda goʻshti (broyler tovuqlari)ni koʻpaytirish jarayoni bilan bevosita yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.
“Choʻl parrandasi” MCHJ haqida maʼlumot
Nishon tumanida joylashgan “Choʻl parrandasi” MJCH 2021-yilning dekabr oyida “Mikrokreditbank” ATBning Yangi Nishon filialidan 4 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan (14 foizli) 3 milliard soʻmlik kredit olib, oʻz faoliyatini boshlagan. Shu kungacha 120 ming dona broyler joʻjalarini aholi isteʼmoli uchun yetkazib bergan. Ayni paytda mazkur korxonada 40 mingta joʻja parvarishlanmoqda.
Taʼkidlash joizki, bank tomonidan parrandachilik yoʻnalishda loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bank axborot xizmati.
Xizmatlar litsenziyalangan.