Qarorga koʻra, 2023-yil 1-apreldan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina “my.vetgov.uz” saytida roʻyxatdan oʻtgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xoʻjaliklariga beriladi.
2022-yil 1-iyundan parrandachilik xoʻjaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun Markaziy bank asosiy stavkasida 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha revolver kreditlar ajratiladi.
Parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha maqsadli davlat dasturlari boʻyicha kredit mablagʻlari 10 yilgacha muddatga 3 yilgacha imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining parrandachilik xoʻjaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun “Mikrokreditbank” ATBga yoʻnaltirilgan miqdoridagi mablagʻlarini qaytarish muddati 7 yildan 10 yilgacha 5 yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.
Tadbirkorlarga ularning mavjud quvvatlarini toʻliq ishga tushirish uchun oldin ajratilgan kreditlarning qaytarish muddati ularning arizasiga koʻra hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi takliflariga asosan 10 yilgacha uzaytiriladi.
“Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo parrandachilik xoʻjaliklariga 2022-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-yanvargacha davrda parrandachilik xoʻjaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor joʻjani import qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya miqdori 12 ming soʻm etib belgilandi.
Parranda goʻshti ishlab chiqarish hajmlari yil yakunigacha kamida 35 foizga oshirilib, 600 ming tonnaga yetkaziladi.