Maʼlum qilinishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari va Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida fuqarolik ishlari boʻyicha Pastdargʻom tuman sudi sudyasi 300 AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, mazkur sudning 2022-yildagi hal qiluv qaroriga asosan, 1989-yilda tugʻilgan ayolning 2022-yilda tugʻilgan farzandi voyaga yetguniga qadar 1983-yilda tugʻilgan fuqarodan aliment undirish belgilangan.
Keyinchalik javobgar tomon qarorni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida FIB Pastdargʻom tuman sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Ushbu ariza sudya ish yurituviga kelib tushgach, joriy yil 27-fevral kuni 2022-yildagi hal qiluv qarori bekor qilinib, ishni mazmunan qayta koʻrib chiqish 11-mart kuniga belgilangan.
Shu bilan birga, sudya ishni daʼvogar foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga undan 300 AQSH dollari talab qilgani maʼlum boʻlgan.
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan mazkur sudyaga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.