Toshkent pediatriya tibbiyot instituti boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori Cyevara Ubaydullayeva mazkur sohaga doir bir necha savollarga quyidagicha javob berdi:
— Bugungi kunda tibbiyotning birlamchi boʻgʻini, xususan, patronaj xizmatidagi islohotlar qanday qonun hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda?
— Maʼlumki, oʻtgan yili mamlakatimiz tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir bir qator Farmon va qarorlar eʼlon qilindi. Ushbu meʼyoriy hujjatlarda eng asosiy urgʻu birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirishga qaratildi.
Xususan, birlamchi tibbiyot muassasalari qayta nomlanib, faoliyati yangicha koʻrinish kasb etdi. Oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalar qoshida “tibbiyot brigada”lari faoliyati tashkil etildi.
Qolaversa, homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari bor oilalarga alohida patronaj hamshirasi biriktirilishi, mamlakatimizda bosqichma-bosqich patronajning universal-progressiv modeli joriy etilishi koʻzda tutilgan.
— Patronajning universal-progressiv modeli qanday tizim? Shu haqida maʼlumot bersangiz.
— Homiladorlar, chilla davridagi ayollar va ilk yoshdagi bolalarga patronaj xizmati koʻrsatishning 3 ta asosiy modeli boʻlib, ularning har biri oʻz afzalliklariga ega.
Bular:
– universal (umumiy) model — barcha ilk yoshdagi bolalarni, homilador va tuqqan ayollarni patronaj kuzatuvi bilan qamrab oladi va ularning maʼlum yosh hamda holatlarida zaruriy tashriflarini amalga oshiradi;
– progressiv (maqsadli) model — alohida ehtiyojlarga muhtoj boʻlgan tibbiy yoki ruhiy-ijtimoiy xavfi yuqori boʻlganlarni patronaj kuzatuviga oladi;
– universal-progressiv (aralash) model — “xonadonga tashriflar”ni oʻz ichiga oluvchi aralash usul boʻlib, u universal va maqsadli modellarning afzalliklarini birlashtiradi, cheklovlarni yengib oʻtib, samarasini oshiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda uchinchi — patronajning universal-progressiv tizimi hayotga tatbiq etilmoqda.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.









