— Universal-progressiv modelining afzallik jihatlari nimalardan iborat?
— Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yangi modelda patronaj qatnovining soniga emas, balki uning sifatiga urgʻu beriladi.
Jumladan, “Muammoni aniqlash va yoʻnaltirish” tamoyilidan “muammoni keltirib chiqaradigan xavfni oʻz vaqtida aniqlash va yoʻqotish yoki sezilarli darajada kamaytirish” tamoyiliga oʻtiladi.
Shuningdek, kasallikni va tibbiy muammolarni aniqlash bilan chegaralanmasdan, balki tibbiy, ijtimoiy, maʼrifiy va boshqa sogʻliqni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar majmuasi amalga oshiriladi.
Bolaning nafaqat jismoniy salomatligiga, balki ruhiy-hissiy, ijtimoiy rivojlanishi, xavfsizligiga eʼtibor qaratiladi.
Uning salomatligi oila va atrof-muhitdan ajratilgan holda emas, balki oila (masalan, ota yoki onada ruhiy tushkunlik holatlari mavjudligida, beparvolik yoki shafqatsiz munosabatda) va mahalla aralashuvida koʻrib chiqiladi.
Yuqoridagilardan ham maʼlum, ushbu tizimda patronaj hamshiralarining masʼuliyat va javobgarligi yanada oshiriladi.
Bu esa oʻz navbatida oʻrta tibbiyot xodimlarining bilim va malakalarini oshirish zaruratini yuzaga keltiradi.
Shu bois, ayni paytda oʻquv mashgʻulot va treninglar orqali targʻibotchilarga ushbu yoʻnalishda dars beryapmiz.
Ular esa respublikamizning tuman va shaharlariga borgan holda barcha patronaj hamshiralarini oʻqitadi.
— Patronajning universal-progressiv modeli qanday ishlaydi?
— Ushbu patronaj tizimida hamshira ikki xil reja asosida homilador va yosh bolali oilalarga xizmat koʻrsatadi.
Avvalo, hamshira barcha uchun bir xil boʻlgan universal patronaj xizmati orqali aholi xonadonlariga borib, ayollar va bolalarni tekshiruvdan oʻtkazadi.
Agar tekshiruv jarayonida homilador ayol yoki yosh bolali oilalarda xavf omillari kuzatilsa, ularning tibbiy holatiga koʻra, ana shu ayol yoki oila uchun individual, yaʼni progressiv reja tuzadi va ushbu reja asosida mazkur oilaga patronaj xizmati koʻrsatadi.
Bunda hamshiraga katta hamshira, umumiy amaliyot shifokori va pediatr yaqindan koʻmaklashadi. Ushbu tibbiyot mutaxassislari hamshira faoliyatini nazorat qilish bilan birga, unga progressiv reja tuzishga koʻmaklashadi.
Yaʼni, bunday holatda oila salomatligini tiklash uchun barcha birdek harakat qilishi zarur. Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.