Yurtimizga kuz fasli ham kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu fasl mirishkor dehqonlarimiz uchun oʻta muhim va masʼuliyatli palla hisoblanadi. Yil davomida qancha-qancha mehnatu mashaqqatlar evaziga yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda, nes-nobud qilmasdan yigʻib-terib olish lozim.

Ayniqsa, qishloq xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega boʻlgan va katta maydonlarda yetishtiriladigan paxta yigʻim-terimi nafaqat dehqonlar, balki masʼul tashkilotlardan ham mavsumga puxta tayyorgarlik koʻrish, bu ishni uyushqoqlik bilan tashkil etishni talab etadi.

Xoʻsh, ayni paytda Qashqadaryo viloyatida bu boradagi ishlar qanday tashkil etilmoqda?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan viloyatdagi paxta tozalash korxonalari va paxta qabul qilish maskanlarining mavsumga tayyorgarlik holati oʻrganildi. Natija esa havas qilgulik emas.

Aytish joizki, joriy yilda 448 ming tonna paxta tolasi sotish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan. Rejaga koʻra, yigʻib olingan hosilning barchasini paxta toʻqimachilik klaster korxonalariga qarashli

50 ta paxta qabul qilish maskanlarida jamlanishi kerak.

Oʻzining hisobida paxta qabul qilish maskanlari mavjud boʻlmagan klaster korxonalari tomonidan yigʻim-terim boshlanishiga oz fursat qolayotgan boʻlsa-da, huddudlardagi mavjud maskanlar bilan ijara shartnomalari tuzilmagan, oldi-sotdi ishlari hanuz yakuniga yetkazilmagan. Egalik huquqi berilmaganligi bois ayrim paxta qabul qilish maskanlarida hosilni qabul qila olmaslik ehtimoli yuqori.

Misol uchun, Qarshi tumanidagi “Sulton Texs Group” MCHJga qarashli “Korxona qoshi”, “Qovchin”, “Tallikuron” paxta qabul qilish maskanlari “Qarshi agor klaster” MCHJga, “Korxona qoshi” “Beshkent agro klaster” MCHJga, Muborak tumanidagi hozirgi kunda Davlat aktivlarini boshqarish hisobida boʻlgan “Xitoy”, “Qarliq”, “O.Qoʻziboyev” paxta qabul qilish maskanlari “YEMG INTER INVESTMENT “MCHJ XK hisobiga oʻtkazilishi belgilangan boʻlsa-da, hanuzgacha ijara shartnomalari tuzilmagan, egalik huquqi berilmagan, oqibatda tayyorgarlik ishlari kechiktirib yuborilgan.

Bundan tashqari, Koson tumanidagi “Koson baxt tekstil” MCHJ ga qarshli “Gulbogʻ”, “Surxon”, Mirishkor tumanidagi “Litai Textile Oversias” MCHJ XK ga qarashli “Guliston”, Nishon tumanidagi “Indorama Agro” MCHJga qarshli “Navruz”, “Oydin” “Paxtazor”, Qamashi tumanidagi “Qamashi klaster MCHJga qarashli “Chim”, “Qoratepa”, Kasbi tumanidagi “Kainvest Cluster” MCHJga qarashli “Mesit”, “Naxshab tex Grop” MCHJ ga qarashli “Gʻalaba” paxta qabul qilish maskanlarida kichik mexanizatsiya vositalaridan birontasi ham taʼmirlanmagan. Paxta qabul qilish maskanlarida laboratoriya, tarozixona, namuna olish joylari, fermerlar xonasi, gʻaram maydonchalarini taʼmirlash ishlari qoniqarsiz darajada olib borilmoqda.

Shuningdek, Qarshi tumanidagi “Qarshi agor klaster” MCHJ, “Beshkent agro klaster” MCHJ, “Xilol klaster” MCHJ, Muborak tumanidagi “YEMG INTER INVESTMENT” MCHJ XK, Koson tumanidagi “Koson baxt tekxtil” MCHJ, Qamashi tumanidagi “Qamashi klaster MCHJ, “Oqsaroy tekstil” MCHJ, Mirishkor tumanidagi “Mirishkor tekxtil group klaster” MCHJ tomonidan miqdor va sifat koʻrsatkichlari aniqlash, oʻlchash vositalariga, yaʼni avtomabil tarozi, tovar tarozi, laboratoriya tarozi, termometr, ampermetrlar, LPS, ASX-1, PPV, VSX-M 1, leneyka, LKM va texnik monometrlar qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilmagan, sertifikatlar olinmagan.

Ushbu holatlar yuzasidan Inspeksiya tomonidan viloyatdagi paxta toʻqimachilik klaster korxonalariga kamchiliklari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berilib, viloyat va tuman hokimlariga maʼlumotnomalar kiritildi.

Oybek Hakimov,

 “Oʻzagroinspeksiya”ning

Qashqadaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori