Paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish tartibi belgilandi

    Sanoat 7 Dekabr 2021 2838

    Hukumat qarori (733-son, 04.12.2021-y.) bilan Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

    Nizomga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari quyidagi shaklda tashkil etiladi:

    qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta yetishtirish;

    paxta xomashyosini shartnoma asosida fermer xoʻjaliklari va boshqa paxta yetishtiruvchilardan sotib olish;

    qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta yetishtirish hamda paxta yetishtiruvchilardan shartnoma asosida sotib olish.

    Paxta-toʻqimachilik klasteri bu boʻyicha Respublika komissiyasi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi.

    Paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish uchun talabgor ixtiyoriy ravishda har yili 10-sentyabrgacha YAIDXP orqali ariza bilan murojaat qiladi.

    Murojaat Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Vazirlik) tomonidan 2 ish kunida koʻrib chiqiladi.

    Respublika komissiyasi talabgorlarning arizalarini har yili 1-oktyabrgacha koʻrib chiqib, qaror qabul qiladi.

    Paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli hujjat qabul qilingach:

    3 ish kunida Vazirlik talabgorlarni xabardor qiladi;

    5 ish kunida talabgor bilan 30 yil (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi boʻlgan taqdirda 25 yilgacha boʻlgan) muddatga bitim tuziladi;

    3 ish kunida paxta-toʻqimachilik klasteri tegishli tuman (shahar) hokimi bilan yer ijarasi shartnomasi tuzadi (klaster yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan taqdirda).

    Shuningdek, ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri oʻziga biriktirilgan yerlarni shaxslarga 1 yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga (ularni uchinchi shaxsga berish huquqisiz) berish huquqiga ega.

    Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati samaradorligi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan bir yilda kamida bir marta monitoring oʻtkaziladi.