Paxtachida chigit unib chiqdi

    Agrosektor 12 Aprel 2021 2124

    Samarqand viloyatida 2021-yil hosili uchun 75 ming 356 gektar yerga chigit ekish rejalashtirildi.

    Paxtachi Samarqand viloyatining olis tumanlaridan biri. Bu yerda viloyat paxta hosilining salmoqli qismi yetishtiriladi. Paxtachilik koʻpni koʻrgan, tajribali mirishkorlar dehqonchilikning oʻziga xos maktabini yaratishgan.

    Viloyatning barcha paxta yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarida chigit ekish mavsumi uyushqoqlik bilan oʻtkazilayotgan ayni damlarda Paxtachida chigit unib chiqdi.

    Ayni kunlarda, tumanning “Nodim Ziyovuddin”, “Sultonobod Paxtakor”, “Obod Dehqonobod”, “Roʻziqul Mahmanov” fermer xoʻjaligi dalalarida yerning obo - tobida ekilgan chigit boʻy koʻrsatdi. Endilikda mazkur hududdagi fermerlar chigitni birinchi kultivatsiya qilish maqsadida belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazishga hozirlik koʻrishmoqda.

    2021-yil hosili uchun tumanda 8 195 gektar yer maydoniga paxtaning iqlim hududiga mos, serhosil va ertapishar “Sulton”, “Buxoro-102” navlari ekilmoqda. Chigit ekish mavsumini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning Paxtachi tumani boʻlimi tomonidan doimiy monitoring-tahlil tadbirlari olib borilmoqda.

    Oʻtkazilayotgan tahlillarga eʼtibor qaratilsa, mavjud 216 ta fermer xoʻjaliklari va “Paxtachi klaster” MCHJ tomonidan bir kunda oʻrtacha 700-750 gektar yerga baraka urugʻi qadalmoqda. Mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazish yuzasidan 133 ta chigit ekish selyalkalaridan unumli foydalanilmoqda. Ayniqsa, 2021-yil hosiliga zamin hozirlanayotgan ayni kunlarda 8 ta pnevmatik seyalkalar bilan chigitning sifatli ekilishi taʼminlanmoqda.

    Shu oʻrinda aytish joizki, Samarqand viloyatida 2021-yil hosili uchun 75 ming 356 gektar yerga chigit ekish rejalashtirildi. Shu maqsadda 160 ta guruh shakllantirilib, 962 ta selyakadan unumli foydalanilmoqda. “Oʻzagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlariga koʻra, chigit ekish yuzasidan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilayapti. Bir kunda oʻrtacha 9 500 - 9 800 gektar yer maydoniga, mavsum boshidan beri 43 263 gektar yerga chigit ekilishi taʼminlandi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati