Paxtachilik kengashi hududlarda chigit ekish ishlari monitoringini oʻtkazdi

    Agrosektor 25 Mart 2023 1066

    Joriy yil 24-25-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Paxtachilik kengashi va 13 ta tuman ishchi guruhlari aʼzolari ishtirokida dalalarga chigit ekish holatini oʻrganish maqsadida qator obyektlarni koʻzdan kechirdi.

    Paxtachilik kengashi raisi boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani, Samarqand viloyati Narpay tumani hamda Navoiy viloyati Navbahor tumanlarida bщlib, u yerlarda monitoring oʻtkazdi.

    Taʼkidlash joizki, Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi hosildor va ertapishar gʻoʻza navlarini respublikamiz hududlari kesimida koʻpaytirish va ekishni har bir klaster boʻyicha belgilab beradi, iqlim va harorat oʻzgarishlariga mos boʻlgan oʻgʻitlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qoʻllashni tartibga soladi, zararli hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha har bir hududga mos agrotexnologiyalar ishlab chiqadi.

    Kengash va ishchi guruhi aʼzolari dastavval Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “TST agro cluster” MCHJga qarashli Ketmontepa paxta qabul qilish punkti hududida joylashgan urugʻlik chigitlarni tuksizlantirish va dorilash sexida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Urugʻlik materiali tayyorlash, chigitlarni dorilash holati, dala maydonlariga yetkazib berish tartibi oʻrganildi. Bunda jarayonni urugʻlik chigiti qayta ishlashning standart talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bevosita dalalarga ekishga tayyorlab qoʻyilgan chigitlar tarkibidan sifatsiz chigitlarni olib tashlash hamda sifatli chigitlarni ekish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Klaster paxta dalalarining joriy holati va ayni paytda chigit ekilayotgan paxta maydonlari ham oʻrganildi. Xususan, namunaviy maydon sifatida alohida tanlab olingan konturda yuqori hosildorlikni taʼminlashga oid koʻrilayotgan agrotexnik tadbirlar muhokama etildi.

    Shundan soʻng ishchi guruh Sirdaryo viloyatidagi 40 tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan “Poly Tex Sirdayo” klasteri faoliyati bilan tanishdi. Klasterlar va fermer xoʻjaliklari ekin maydonlaridan yuqori va sifatli hosil olish uchun qishloq xoʻjalik ekinlari hamda hosildor, turli kasalliklarga va qurgʻoqchilikka chidamli sara navlardan urugʻliklar tayyorlash bugungi kunning dolzarb masalasidir. 2022 yil may oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan yangi navlar urugʻchiligini tashkil etish va paxta-toʻqimachilik klasteriga joriy etishga qaratilgan loyiha bugunga kunda oʻz samarasini berib, urugʻ qayta ishlovchi zamonaviy korxona oʻz faoliyatini olib boryapti.

    25-martda esa Paxtachilik kengashi tomonidan Samarqand viloyati Narpay hamda Navoiy viloyati Navbahor tumanlarida sayyor yigʻilish tashkil etildi. Unda, kengash aʼzolari Narpay tumanidagi “Maroqand sifat” hamda Navbahor tumanidagi “Navbahor tekstil” paxta-toʻqimachilik korxonasiga tashrif buyurib, u yerdagi jamgʻarilgan urugʻlik chigitni ekinga tayyorlashda Kengash tomonidan berilgan koʻrsatma va tavsiyalar asosida amalga oshirilishi hamda chigit ekish ishlarining toʻgʻri tashkil etilishi, jumladan mineral oʻgʻitlarning qoʻllanishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazdi.

    Paxta ekiladigan maydonlar chetlarida tut, uzum koʻchatlari, zararkunanda hasharotlardan himoya qilish bilan birga qoʻshimcha daromad olishga qaratilgan moychechak, sarimsoqpiyoz, qovoq hamda boshqa ekinlarni ekish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, Paxtachilik kengashining yangi tizim joriy etiladigan mazkur tumanlaridagi biolaboratoriyalar faoliyati bilan tanishilib, ularni bugungi kun talabiga muvofiq qayta qurish yuzasidan tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot xizmati.