Xususan, Davlatimiz
rahbarining 2026-yil 8-maydagi “G‘o‘za va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy
qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan
fermer va klasterlarga bir qator imtiyozlar berildi.
Birinchidan, shartnomada
belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan
foiz to‘lovining 2,5 foizini, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga)
qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz
to‘lovlarining 5 foizini hamda bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun
ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar to‘liq
qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4
foizlik punkt mablag‘lari fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi ya'ni,
fermerlarning mablag‘lari tejalayapti va iqtisodiy imkoniyatlari oshayapti.
Ikkinchidan, dizel
yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida
2026-yil 1-apreldan 2026-yil 1-iyulga qadar qishloq xo‘jaligi korxonalari
tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi
qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p
bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan
Agentlik orqali subsidiya ajratiladi.
Uchinchidan, g‘o‘za
xomashyosini xarid qilish uchun g‘o‘za-to‘qimachilik klasterlari hamda g‘o‘za
xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega
to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan
foiz to‘lovining 8 foiz punktidan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi
qoblab berish bo‘yicha klasterlarga imtiyozlar berildi.
- Paxtachilikda yuqori
hosil olish, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha
fidoiylari tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek,
puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar asosida o‘z samarasini berishini hammamiz his qilib
turibmiz, - deydi Qorqalpog‘iston fermerlari kengashi raisi vazifasini
bajaruvchisi Paxratdin Bekanov. - Jumladan, joriy yilda Qoraqalpog‘iston
bo‘yicha 80 ming gektar maydonlarda shundan,
21 ming gektardan ortiq Shinjon usulida chigit ekib, yuqori hosil olish
bo‘yicha dalalarda shijoat bilan astoydil ish olib borilmoqda.
Barchamiz yaxshi
tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va
qiyinchiliklarga qaramasdan dehqon-fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan
har qachongidan ko‘proq mas'uliyat bilan ter to‘kib ishlashni davr taqozo
etmoqda. Yurtimiz taraqqiyoti uchun “Dolzarb 30 kunlik” davomida agrotexnik
tadbirlarni sidqidildan amalga oshirib, yuqori hosil va yuqori daromad uchun
puxta zamin yaratilgan. Va albatta, buning uchun har bir fermer xo‘jaligi o‘z
dalasida g‘o‘zaga ishlov berish, parvarishlash borasida soha olimlari,
mutaxassislari va tajribali ustoz fermerlar tavsiyasi asosida tizimli ishlarni
tashkil etishmoqda.
- Bugungi kunda mavjud 803
dona chuqur yumshatgichlar hamda 1 ming 588 dona kultivatorlar to‘liq dalaga
safarvar qilingan bo‘lib, ularning ish unimini oshirish uchun mexanizatorlarga
dalaning o‘zida qulay shart-sharoitlar yaratib berilgan, - deydi
Qorqalpog‘iston fermerlari kengashi raisi vazifasini bajaruvchisi Paxratdin
Bekanov. - G‘o‘za maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan gektariga 250
kg.dan ikkinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshirish tavsiya qilingan. Shuningdek, g‘o‘za maydonlarini gektariga 200 kgdan azotli mineral
o‘g‘itlar bilan oziqlantirilishi yaxshi natija beradi. Suv tanqisligini
inobatga olgan holda har besh gektar maydonga bir dona sharbat o‘ralarini
(xandak) qazish, gektariga 5 tonnadan jami 400 ming tonna mahalliy o‘g‘itlarni
dalaga chiqarib, faqat sharbat usulida sug‘orish ishlari xam amalga oshiriladi.
Shuningdek, har bir fermer
xo‘jaligi rahbari paxtachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni
yanada jadallashtirib, bu yil g‘o‘za hosilini 50 sentnerdan yuqori hosil olini
niyat qilishgan.
Joriy yilda qishloq
xo‘jaligi tarmoqlarida yuqori hosil yetishtirish uchun puxta zamin yaratilgan.
Yuqorida qayd etganimizdek, g‘o‘za dalalarida agrotexnik tadbirlarini qisqa
muddatlarda, sifatli qilib yakunlash choralarini ko‘rish shu kunning muhim
vazifasi hisoblanadi. Bu Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy taraqqiyotiga, aholi
farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Minajatdin QUTLЫMURATOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri.