“Paxtakor” – “Istiqlol”: jamoalar uchrashuvlari tarixi qanday?

    Bugun Chempionlar Ligasi nimchorak finalida “Paxtakor” Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan toʻqnash keladi.

    Jamoalar ilk bor 2011-yili guruh bosqichida kuch sinashgan edi. Tehronda oʻtgan dastlabki oʻyinda “Istiqlol” 4:2, Toshkentda esa “Paxtakor” 2:1 hisobida gʻalaba qozongan.

    “Istiqlol” Eron chempionatida ikkinchi oʻrinni egalladi. Bungacha esa 8 bor gʻolib boʻlgan. Chempionlik shohsupasiga oxirgi marta 2013-yilda chiqqan. Shuningdek, 7-marta Eron Kubogini qoʻlga kiritgan.

    Jamoa murabbiyi bir vatqlar “Istiqlol”da oʻynagan Majid Namju Motlaq. Asosiy futbolchilar sifatida Vorya Gʻafuri, Ali Karimi va Mehdi Gʻayedini aytish mumkin. Ikki legioner futbolchi – xorvatiyalik Xrvoye Milich va malilik Cheyk Diabate jamoa safida oʻynab kelmoqda.

    Maʼlum boʻlishicha, bugungi uchrashuvda “Paxtakor”dan Akram Komilov, “Istiqlol”dan esa Xrvoye Milich maydonga tushmaydi. Bunga diskvalifikatsiya sababi yoʻl bermaydi.

    Chempionlar Ligasi nimchorak final bahsi Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da Dohadagi “Al Janub” stadionida boshlanadi.