Paysalga solingan ish 5 million so‘mga tushdi

    Toʻraqoʻrgʻon tumani “Tepanaymancha” MFYda yashovchi fuqaro Xurshida Raupova 2019-yili aprel oyida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida tumandagi “Ibragim Aziyotbek Abduqodir oʻgʻli” MCHJ rahbari bilan 2019-yilda 0,03 sotix yerga metall konstruksiyali issiqxona qurdirish uchun oʻzaro shartnoma tuzadi.

    Qurilish ishlari uchun Milliybank tomonidan 15 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilib, buyurtma bajaruvchining hisobraqamiga oʻtkazib berilgan boʻlsada, u kelishilgan shartnomada koʻrsatib oʻtilgan shartlar boʻyicha issiqxonaning ustki qismini poliyetilen qoplamasi bilan qoplab bermaydi. Har xil bahonalar qilib, ishni qariyb yetti oy mobaynida paysalga solib keladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 29-moddasiga asosan fuqaro manfaatini himoya qilish maqsadida hududiy isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Chust tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Fuqaro manfaatining sud orqali himoya qilinishi natijasida haqiqatan ham taʼminotchidan fuqaro 5 million 100 ming soʻm zarar koʻrgani oʻz isbotini topdi.

    2020-yili 23-iyul kuni Chust tumanlararo fuqarolik sudi qaroriga muvofiq, “Ibragim Aziyot Abduqodir oʻgʻli” MCHJ tomonidan manfaatdor shaxs X.Raupova foydasiga 3 million soʻm moddiy zarar hamda 2 million 100 yuz ming soʻm penya — jami 5 million 100 ming soʻm miqdorida koʻrilgan zarar undirib berildi.