Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari tomonidan milliy liboslar ko'rgazmasi tashkil etildi. Tadbir pandemiya sharoitida barcha sanitariya-gigiena talablariga rioya qilgan holda ochiq osmon ostida o'kazildi. Unda universitet talabalari tomonidan tayyorlangan milliy kiyimlar va rasmlar namoyish etildi.

Ko'rgazma universitetning musiqa ta'limi fakul`teti talabalari ijrosidagi milliy qo'shiqlardan iborat kontsert-shou sadolari ostida boshlandi. Tadbir davomida milliy liboslar bilan birga, universitetning ichki tartib qoidalaridan kelib chiqqan holda, talabalar uchun tavsiya etiladigan kiyimlar namoyishi ham bo'ldi.

Tadbirda nafaqat professor-o'qituvchi va talabalar, balki universitet atrofidagi mahallalardan kelgan yoshlar ham ishtirok etdi. Mahalla yoshlari universitet talabalari tayyorlagan milliy hunarmandchilik taqinchoqlari va buyumlari, milliy liboslar bilan tanishdi. Bugungi kunda universitetda milliy taqinchoqlar yasovchi talabalar ko'plab mahalla yoshlarini shogirdlikka olib, ularga kasb-hunar o'rgatib kelmoqda.

Milliy liboslarimiz namoyishiga bag'ishlangan bunday ko'rgazmalar yoshlarning milliy qadriyatlarimizga hurmatini yanada oshirish, an'analarimizni qadrlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ushbu loyihani #milliy_liboslar chellenji sifatida davom ettirmoqda.