Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi

    Mamlakatimizda 27 Mart 2023 1867

    Bugun Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni koʻzda tutuvchi qonunni imzoladi.

    Unga koʻra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln soʻmgacha (100 baravar) jarimaga sabab boʻlsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln soʻmgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.

    Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, 45 mln soʻmdan 60 mln soʻmgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

    Shuningdek, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln soʻmdan 4,5 mln soʻmgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln soʻmdan 6 mln soʻmgacha jarima belgilanmoqda.

    Eʼtiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq belgilanishi mumkin.

    Ushbu qonun jamiyatda pedagoglarning nufuzi va obroʻsini oshirish yoʻlidagi navbatdagi mantiqiy qadam boʻldi.