Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda

    Bugun Qonunchilik palatasi yalpi majlisida pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish taklifi ham koʻrib chiqiladi.

    Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqiladi.

    Mazkur qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Jinoyat kodekslariga taʼlim muassasasining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish taklif etilmoqda.

    Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga pedagoglarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi;

    Taʼlim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilar bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi;

    (Amaldagi qonunchilikda ushbu huquqbuzarlikka nisbatan belgilangan jarimalar miqdori fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi)

    Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishini nazarda tutuvchi normani kiritish nazarda tutilmoqda.

    (Amaldagi qonunchilikka koʻra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Maʼmuriy qamoqqa olish bilan bogʻliq jazo chorasi mavjud emas)

    Shuningdek, Jinoyat Kodesiga ham taʼlim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etgan taqdirda huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishini mustahkamlovchi yangi norma qoʻshish taklif etilmoqda.