Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda bolalar salomatligini saqlashga masʼul yirik muassasalardan.

Soʻnggi yillarda markaz tomonidan tibbiy yordamga muhtoj bolalarga koʻrsatilgan xizmatlar haqida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Dilorom Ahmedova Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga quyidagicha maʼlumot berdi:

— 2021-2022-yillar davomida hududlarda markazining yetakchi mutaxassislari tomonidan ambulator va shifoxona sharoitida 17 682 nafar aholi, jumladan, 16 252 nafar bolaga tibbiy yordam koʻrsatildi. Pediatriyaning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 181 ta operatsiya bajarildi. Ularning 73 tasi yuqori texnologik amaliyotdir. Shuningdek, 39 ta yangi diagnostik va davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, 2021-yildan boshlab kam uchraydigan orfan va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilash boʻyicha davlat dasturini amalga oshirish boshlandi.

Dastur doirasida oʻtgan yili markazimizda xavf guruhiga mansub 18400 nafar yangi tugʻilgan chaqaloqda 6 ta orfan kasalligi boʻyicha selektiv skrining oʻtkazildi. Markazda mukovissidoz va tizimli boshlangan yuvenil artritga chalingan oʻgʻil-qizlar davlat tomonidan kafolatlangan maxsus dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanmoqda.