«Tibbiyotga yuqori texnologik uskunalar olib kiryapmiz, yangi klinikalarni barpo etyapmiz. Ularda kim ishlaydi? Albatta, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlgan oʻgʻil-qizlarimiz mehnat qiladi.
Shu bois, tibbiy taʼlimdagi islohotlarimizni davom ettirib, oilaning barcha yoshdagi aʼzolariga malakali tibbiy xizmat koʻrsata oladigan oilaviy shifokorlik institutini rivojlantirishimiz zarur», – dedi Prezident.
Kelgusi oʻquv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi eʼlon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi boʻyicha rezidentura va magistratura ham yoʻlga qoʻyiladi.
Rezidenturada taʼlim olayotgan talabalar bepul oʻqish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik boʻyicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.