Pekinda Orolboʻyi mintaqasida ekologik loyihalar masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 11 Aprel 2022 1529

    Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan Orolboʻyi mintaqasida tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashishda Xitoyning ilgʻor ilmiy va texnologik yechimlarini jalb etish masalasiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi vakillari, Pekin oʻrmon xoʻjaligi universiteti, Xitoy oʻrmon xoʻjaligi akademiyasi, Davlat oʻrmon xoʻjaligi va yaylovlar boshqarmasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda choʻllanish va tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashishda hamkorlik qilish, Orolboʻyida ekologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

    Xitoylik olimlar XXRning ayrim choʻl hududlarida shoʻrlangan tuproqni tiklash boʻyicha qoʻllanilayotgan zamonaviy usullar haqida taqdimot oʻtkazdi.

    Tadbir yakunida tomonlar Orolboʻyidagi shoʻrlangan hududlarda dehqonchilik qilishning muqobil usullarini joriy etish maqsadida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, bu orqali yaylovlar barpo etish, ularning unumdorligini oshirish, shuningdek, oʻrmon xoʻjaligining ayrim yoʻnalishlari boʻyicha oʻzbek mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.