Elchixona tomonidan uyushtirilgan mazkur tadbirda Xitoyga import qilinadigan mahsulotlar sifati, ularni qadoqlash usullari, asalarilarni emlashda qoʻllaniladigan vositalar, ularning tarkibi inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi moddalardan xoli boʻlishi va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazilishi bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida fikr yuritildi.
Bunda eksportchi ishlab chiqaruvchilarning Xitoy tomonidan qoʻyiladigan talablarga toʻla javob beradigan mahsulot yuborishlari taʼminlanishi bilan bogʻliq jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Yaʼni pandemiya sharoitida Xitoy tomonidan import mahsulotlari sifatiga boʻlgan talabning kuchaytirilganligi bois tadbirkorlar ikki tomonlama imzolangan bayonnoma shartlariga qatʼiy amal qilishlari lozimligiga urgʻu berildi.
Onlayn-tadbir nihoyasida elchixona xodimlari mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining Xitoyga oʻz mahsulotlarini eksport qilishi bilan bogʻliq barcha savollariga batafsil javob berdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.