Ochilish marosimi oliy darajadagi rasmiy tashrif doirasida oʻtkazilib, ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, oʻzaro ishonch hamda strategik sheriklikning yana bir yorqin timsoliga aylandi.
Oʻzbekiston Turizm ofisida Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev, Xitoy sanoat va savdo federatsiyasining Pekin tashqi madaniy savdo assotsiatsiyasi ijrochi direktori Chi Lu xonim va Xitoyning yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Pekinda ochilgan Turizm ofisi Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi sayyohlik aloqalarini mustahkamlashda muhim rol oʻynashi hamda Xitoydagi yirik turistik kompaniyalarning Oʻzbekiston bozoriga kirishida koʻmaklashishi mutaxassislar tomonidan taʼkidlandi. Shu bilan birga, Turizm ofisi xorijiy investorlarga turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida toʻliq maʼlumot taqdim etib, yangi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin tashabbuslari tufayli ikki tomonlama aloqalar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, turizm sohasida ham oʻzaro hamkorlik jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Buni 2025-yil 1-iyundan kuchga kirgan 30 kunlik vizasiz rejim, shuningdek ikki davlat oʻrtasida haftasiga 50 dan ortiq aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani yaqqol koʻrsatib turibdi. Yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 100 reysgacha oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil “Xitoyda Oʻzbekiston turizm yili” deb eʼlon qilingani ham ikki davlat oʻrtasidagi turistik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu yil davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi Xitoyning 9 ta yirik shahrida roudshovlar oʻtkazdi, sayyohlik koʻrgazmalarida faol ishtirok etmoqda, yil oxirigacha yana bir qator provinsiyalarda taqdimot tadbirlari rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston tomoni 2030-yilga kelib Xitoydan mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Pekindagi yangi turizm ofisi esa ushbu ulkan maqsad sari tashlangan muhim qadamlardan biridir.
Marosim yakunida Oʻzbekiston vakillari barcha ishtirokchilarni yurtimizga sayohat qilishga taklif etib, Oʻzbekiston xitoylik sayyohlar uchun ochiq va qulay yoʻnalishlardan biri boʻlib qolishini taʼkidladi.








