Pekinda Oʻzbekiston turizm salohiyati namoyish etildi

    Turizm 12 Oktabr 2022 1427

    Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasida mamlakatimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini keng targʻib qilishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirda Xitoyda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

    Ishtirokchilar eʼtiboriga Oʻzbekistonning bebaho madaniy va tarixiy merosi hamda turistik salohiyati, shuningdek, soʻnggi yillarda yurtimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar uchun qulayliklar yaratish, turizmning turli yoʻnalishlarini ommalashtirish kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Shu bilan birga, Samarqand shahrida barpo etilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylarga oid video lavhalar namoyish etildi.

    Tadbir davomida ishtirokchilar eʼtiboriga oʻzbek milliy raqslari va kuy-qoʻshiqlari havola etildi, adras va atlas kabi matolardan tayyorlangan milliy kiyimlarning namoyishi oʻtkazildi.

    Oʻzbekistonning betakror madaniyati, urf-odatlari va turizm yoʻnalishidagi ulkan salohiyati katta qiziqish uygʻotdi.

    Tadbirda ishtirok etgan xorijiy mehmonlar Oʻzbekistonga tashrif buyurib, goʻzal yurtimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini oʻz koʻzlari bilan koʻrishni rejalashtirganini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.