O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko'rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga muvofiq, barcha tuman va shaharlarda Adliya vazirligi tizimida yuridik xizmat ko'rsatish markazlari faoliyati yo'lga qo'yildi.

Mazkur qaror bilan, 2021 yil 1 oktyabrdan yuridik xizmat ko'rsatiladigan davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o'tkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o'tkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi yaratildi, ish yurituvi to'liq raqamlashtirilib, qog'ozbozlikka barham berildi.

Endilikda 207 ta tuman va shaharlardagi 2 mingdan ortiq davlat organlarida huquqni bir xil qo'llash amaliyoti shakllandi hamda aholiga va bevosita ijrochilarga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va tushuntirishning yangi bo'g'ini yaratildi.

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tizimidagi 22 ta yuridik xizmat ko'rsatish markazlari tomonidan xizmat ko'rsatilayotgan tashkilotlarning yuridik ahamiyatga ega hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o'tkazish, tashkilotlar xodimlarini huquqiy savodxonligini oshirish borasida targ'ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xo'jalik shartnomalarida taraflar huquqlarining tengligini ta'minlash bilan bir qatorda tashkilotlar tomonidan amalda qo'llanayotgan buyruq va shartnomalarning qonun hujjatlari doirasida tuzilayotganligini aniqlash, huquqiy maslahatlar berish, sudda da'vo va talabnoma ishlarida tashkilot hamda uning xodimlari huquqlarini himoya qilish bo'yicha amaliy ishlar bajarilmoqda.

Qisqa vaqt mobaynida yuridik xizmat ko'rsatish markazlari tomonidan 71 mingga yaqin hujjatlarga qonunchilikka muvofiq ekanligi haqida huquqiy xulosalar berildi.  4 ming 831 ta  hujjat esa rad etildi.

Angren shahar yuridik xizmat ko'rsatish markaziga Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi Angren shahar bo'limi tomonidan pensionerlarga to'lanadigan mablag'larni undirib berish yuzasidan murojaat kelib tushdi. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 dekabrdagi 357-sonli qarori hamda “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida”gi qonunining 15-moddasiga muvofiq “Energoissiqlikmontaj” UKdan  pensionerlar manfaatlarini ko'zlab 30 mln. 987  ming 364 so'm mablag' undirib berildi.

Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “Yuridik xizmat ko'rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. 2022 yil 1 avgustdan boshlab bosqichma-bosqich yuridik xizmat bilan ta'minlanmagan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) bo'linmalari, davlat umumiy o'rta ta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim tashkilotlari hamda ko'p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarini qamrab olish hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko'rsatish belgilab qo'yildi.  

Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Toshkent viloyati adliya bo'limi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarida “E-huquqshunos” elektron tizimidan foydalanish bo'yicha seminarlar o'tkazilib, rahbarlar elektron raqamli imzo kalitlari bilan ta'minlandi.

Gulmirza Karimov,

Toshkent viloyati adliya bo'limi

Huquqiy xizmatlar bo'limi

bosh maslahatchisi