Shulardan biri pensiya taʼminoti, nafaqalar tayinlashdagi oʻzgarishlardir. Yaqin-yaqingacha mavjud tizim xalqimiz manfaatlariga toʻla javob bermas, pensiya tayinlash, qolaversa, pensiya pulini oʻz vaqtida olish jiddiy muammo edi. Bu ham mayli, bank plastik kartasiga tushgan pensiyani naqdlashtirish masalasidagi yechilmas toʻsiqlar-chi? Tabiiyki, bu holat aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlardi.
Yechimi yoʻqdek koʻringan bu masalalar Prezidentimizning alohida eʼtibori, siyosiy irodasi bilan tezda hal etildi.
Bunday muhim islohotlar qisqa muddatda oʻz natijasini bera boshladi. Masalan, 2021-yilda pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoitga qaramay, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan 391,9 ming fuqaroga pensiya va nafaqalar tayinlangan. Bugungi kunga kelib yurtimizda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 4 milliondan, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 1,8 milliondan oshdi. Bu soʻnggi yillarda aholi manfaatini koʻzlab izchillik bilan amalga oshirilgan ijtimoiy himoya siyosatining muhim koʻrinishidir.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarishga kirishilgan shu kunlarda kuchli ijtimoiy siyosat bilan bogʻliq navbatdagi muhim hujjat imzolandi. Gap Prezidentimizning 2022-yil 7-apreldagi “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori haqida.
Qaror bilan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimida bir qator muhim oʻzgarishlar amalga oshadigan boʻldi.
Birinchi oʻzgarish: joriy yil 1-maydan eʼtiboran “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga va jazoni oʻtab ozodlikka chiqqan fuqarolarga beriladigan toʻlovlar har oyning 5-sanasigacha moliyalashtiriladi hamda Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi.
Bu Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi yorqin ifodasi boʻladi. Boisi, maxsus daftarlarda turgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, ayollar va yoshlar, shuningdek, bilib-bilmay jinoyat sodir etib, bugun ozodlikka chiqqan, insonpavarlik siyosati tufayli afv etilgan fuqarolar ehtiyoji hammamizga maʼlum. Toʻlovlarning oʻz vaqtida yetib borishi ularning kundalik hayotini yoʻlga qoʻyib olishi bilan birga, davlat himoyasini his qilishi va shu orqali ertangi kunga ishonchi oshishiga ham xizmat qiladi.
Ikkinchi oʻzgarish: Xalq banki tomonidan pensiya, nafaqalar va moddiy yordamni fuqarolarga naqd yetkazish xizmatlari uchun Pensiya jamgʻarmasi va byudjetdan bankka 1 foiz xizmat haqi toʻlab beriladi.
Bu mijozlarga pensiya va nafaqalarni yetkazib berishda sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish imkoniyatini yaratadi.
Uchinchi oʻzgarish: pensiya, nafaqa, kompensatsiyalar va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilinadi.
Bizda keksa avlod vakillariga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatiladi. Ularning murojaatlari ham doimiy eʼtiborda. Bu Prezidentimiz qarorida ham oʻz aksini topdi. Gap shundaki, shu paytgacha pensionerlardan baʼzan naqd pul ham kerak boʻlayotgani, lekin bankomatlardan pulni naqdlashtirganda bank xizmati uchun 1 foiz olib qolinayotgani haqida murojaatlar kelib tushayotgan edi.
Endi bu muammo boʻlmaydi. Tizim ishga tushishi bilan, yaʼni joriy yil 1-maydan pensionerlar kartasiga 1 foiz miqdorda ortiqcha pul kelib tushadi. Agar pensiya va nafaqa bank kartasi orqali olinsa va kartadagi mablagʻ naqdlashtirilmasdan foydalanilsa, 1 foiz miqdorida beriladigan ushbu qoʻshimcha mablagʻ pensioner ixtiyorida qoladi.
Mabodo pensioner pulni bankomatdan naqdlashtirib olsa, qoʻshib berilgan 1 foiz mablagʻ yechib olinadi. Demak, pensionerlar uchun bankomatdan pul yechib olish foizsiz boʻladi.
Toʻrtinchi oʻzgarish: 2022-yil 1-sentyabrgacha harbiylashtirilgan pensiyalar tizimi avtomatlashtiriladi va pensiya varaqalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi. Buning natijasida aholining ushbu qatlami zamonaviy axborot texnologiyalari vositasida sifatli va tezkor xizmatlardan bahramand boʻladi.
Beshinchi oʻzgarish: xorijdan 1800 ta bankomat olib kelinib, olis hududlarga oʻrnatiladi.
Bu ham xalqimiz, ayniqsa, olis qishloqlarda yashayotgan odamlar uchun katta qulaylik. Oʻz navbatida, ularning mablagʻini ham, vaqtini ham tejab qoladi. Chunki baʼzan pulni naqdlashtirish uchun uzoq yoʻl yurib, gohida tuman markazigacha borishga toʻgʻri kelardi. Shu yil 1-oktyabrigacha olib kelinadigan bankomatlar muammoni yechish uchun qishloq va mahallalarga joylashtiriladi.
Oltinchi oʻzgarish: 2022-yil yakunigacha bankning pensiya va nafaqa oluvchilar mablagʻlarini masofadan boshqarish imkonini beruvchi yangi mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Bu plastik kartalar orqali masofadan turib turli amaliyotlarni bajarish, xususan, uydan chiqmasdan turli toʻlovlarni toʻlashga imkon yaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda, aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan yangi oʻzgarishlar xalqimizga katta ruhiy kuch va gʻayrat bagʻishlaydi. Shuningdek, bu kabi chora-tadbirlar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni va nuroniylarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bu borada davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻla bahramand boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida pensiya va nafaqalar miqdorini muntazam oshirib borish koʻzda tutilgan. Taʼkidlash kerakki, 2021-yilning dekabr oyida pensiyalarning oʻrtacha miqdori 922,9 ming soʻmni tashkil qilib, yil boshidagiga nisbatan 111,0 ming soʻmga yoki 14 foiz koʻpaygan.
Qolaversa, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini qoʻllashda yangicha yondashuvlar joriy etilayotir. Xususan, 2022-yil 1-apreldan boshlab zarur ish stajiga ega boʻlmagan, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji toʻliq boʻlmagan nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 440 ming soʻmdan 622 ming soʻmga yetkazildi. Bunda 162 mingga yaqin fuqaroning pensiya va nogironlik nafaqa miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalari bor oilalarga har oyda 500 ming soʻm miqdorida yangi turdagi parvarishlash nafaqasi joriy etildi. Bunda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda oʻzgalar parvarishiga muhtojligini belgilashi va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron shaklda taqdim etib borishi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek 2022-yil oktyabrdan ushbu toifadagi fuqarolarga nafaqasini fuqarolardan qoʻshimcha hujjatlarni talab etmagan holda avtomatik shaklda tayinlash tizimini joriy etish koʻzda tutilgan.
Pensiya qonunchiligining mohiyati hamda tizimdagi oʻzgarishlar haqida aholi orasida targʻibot va tushuntirish ishlarini faol davom ettirish, shu maqsadda joylarda sayyor uchrashuvlar oʻtkazish, ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish ham muhim vazifamizdir. Zero, ushbu ezgu ishlarning barchasi, avvalo, xalqimizning farovonligini koʻzlab amalga oshirilmoqda.
Abdulaziz HAYDAROV,
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari
Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori