Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzaridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirigʻiga asosan pensiya va nafaqa oluvchilarga Mustaqillik bayrami oldi koʻtarinki kayfiyat ulashish maqsadida muddatidan avval mablagʻlarni plastik kartalarga yuklab berish topshirilgan.

Mazkur topshiriq ijrosi boʻyicha yetarli mablagʻlar 2022-yil 1-sentyabrga qadar tijorat banklarning hisobvaraqlariga moliyalashtirib berildi. Jamgʻarmaning tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan joriy yil sentyabr uchun 4,2 mln. nafar fuqarolarga pensiya va nafaqa toʻlovi qaydnomalari 30-avgustga qadar toʻliq shakllantirib, axborot tizimlari orqali AT “Xalq banki” va tegishli tijorat banklariga yetkazildi.

Joriy yilning 2-sentyabr holatiga pensiya va nafaqa toʻlovi uchun jami talab etilgan 4 298,6 mlrd. soʻm mablagʻdan 3 881,2 mlrd.soʻm (yoki 90 foiz) moliyalashtirib berildi. Jumladan, naqd pulda oluvchilar uchun 1 831,9 mlrd. soʻm (yoki oylik talabning 81 foizi) AT “Xalq banki”ga hamda bank plastik kartalari orqali oluvchilarga toʻliq miqdorda 2 049,3 mlrd. soʻm (yoki 100 foiz) tijorat banklariga moliyalashtirilib pensiya va nafaqa oluvchilarning bank plastik kartalariga toʻliq yuklab berildi.

Shuningdek, Prezidentning tegishli farmoniga asosan Mustaqillik bayramida ketma-ket 4 kun dam olish belgilanganligi munosabati bilan AT “Xalq banki” tomonidan sentyabr oyida naqd pulda pensiya va nafaqa oluvchilar uchun toʻlovlar joriy yilning 5-sentyabr sanasidan amalga oshirilishini maʼlum qilamiz.

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari

Pensiya jamgʻarmasi