Toʻrt yildan oshdiki, mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, xalqimiz farovonligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, taʼlim-tarbiya berish masalalari kun tartibidan tushgani yoʻq. Hayotga yangi tizimlar joriy etilmoqda. Ulardan biri “mahallabay” tizimida ishlash mexanizmi. Maqsad – mamlakatda kambagʻallikni tugatish. Bu borada Toshkent viloyati Piskent tumanida yangi tizim asosida qilinayotgan ishlar haqida muxbirimizga tuman hokimi Rahimjon RIXSIYEV quyidagilarni gapirib berdi:
– "Mahallabay" ishlash uchun oilalardagi mavjud muammolarni oʻrganish va bartaraf etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida, birinchi navbatda, tuman sektorlari va tijorat banklari rahbar va xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tumandagi 29 ta mahallani joyiga chiqib oʻrgandi, mavjud imkoniyatlar va foydalanilmayotgan zaxiralar tahlil qilindi, mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yaʼni “oʻsish nuqtalari” aniqlab olindi, – deydi R.Rixsiyev. – “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbatlarda ularni qiynayotgan muammolar, mavjud kamchiliklar aniqlanib, yechimiga eʼtibor qaratilmoqda.
Aholini ish bilan taʼminlash, kambagʻallikdan chiqarishga real yondashuvni joriy qildik. Masalan, “Gʻayrat” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 316 xonadonda 1816 fuqaro istiqomat qiladi. Ularning 1015 nafari mehnatga layoqatli hisoblansada, ishsizlik darajasi yuqori. Bu yerda mehnatga layoqatli aholining 757 nafari doimiy ish bilan band qilingan, 258 nafari esa vaqtincha ishsiz edi. «Mahallabay» olib borilgan ishlar natijasida ularning 124 nafari ishli boʻldi.
Aholi bandligini taʼminlashda tez natija beradigan yoʻnalishlarga eʼtibor qaratyapmiz. Masalan, tovuq, quyon boqish, sartaroshxona, poyabzal taʼmirlash ustaxonasi, savdo doʻkoni ochish, issiqxona qurish kabi tadbirkorlik yoʻnalishi tezda foyda keltirishni boshlaydi.
Uyma-uy yurib, odamlar bilan suhbatlashganimizda koʻp narsalar oydinlashyapti. Kimdir tadbirkorlik qilishni istaydi – qoʻlida hunari bor, hovlisida joy tayyor, lekin mablagʻi yoʻq. Kimga murojaat qilishni, qanday yoʻl tutishni bilmasdan bekor yuribdi. Ular “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Oʻrganishlarimiz natijasida shunday fuqarolardan 2 nafariga sartaroshxona, 3 nafariga poyabzal taʼmirlash ustaxonasi ochishiga koʻmaklashildi, 2 ta savdo doʻkoni oʻz faoliyatini boshladi.
Xalqimiz mehnatkash, yerdan foydalanish sirlarini yaxshi biladi. Shuni eʼtiborga olib, yaqinda 11 nafar yosh yigit va 22 nafar xotin-qizga yer ajratib berdik. Bugun ular dehqonchilikni boshlab yuborgan.
“Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida ishsiz 14 fuqaroga 350 million soʻm miqdorida kreditlar berildi va ular yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanishni boshladi.
Qolgan ishsiz fuqarolar bilan ham yakkama-yakka suhbatlashildi. Pirovardida qurilish sohasida malakaga ega boʻlgan hamda ishlash istagini bildirgan 35 fuqaro qurilish tashkilotlariga biriktirildi, 24 fuqaro imtiyozli kredit olib, tadbirkorligini boshladi. Bundan tashqari, 75 fuqaro imtiyozli kredit soʻragan. Ularning 45 nafari mahalladagi 40 gektar maydonda issiqxona qurish, 18 nafari tikuvchilik, 12 nafari parrandachilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan. Shu kunlarda ularga kredit hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.
Albatta, tadbirkor boʻlish uchun bilim va tajriba talab qilinadi. Biz shu jihatga ham eʼtibor qaratdik. Masalan, imtiyozli kredit asosida parrandachilik bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga tadbirkor Omina Karimova parranda boqish sir-asrorlarini oʻrgatmoqda. Shuningdek, bu tadbirkorimiz xonadonlarda yigʻilgan tuxumni markazlashgan holda sotib olishni ham yoʻlga qoʻygan.