Piskent tumanida daraxtlarning ommaviy kesilayotgani haqidagi xabarga rasmiy munosabat berildi

    Teshiruvda sogʻlomlashtirish ishlari olib borilgan daraxtlardan tashqari boshqa mavjud daraxtlarga ziyon yetkazilmagani aniqlandi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Piskent tumanida daraxtlarga ommaviy qirgʻin keltirilmoqda” mazmunida xabar eʼlon qilindi. Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati xabarida maqola boʻyicha rasmiy munosabat berildi.

    Unda aytilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan. Oʻrganishlar davomida Piskent tumani davlat oʻrmon xoʻjaligining Angren boʻlimi 69-kvartalida tol manzarali daraxtlari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining tegishli buyruqlariga asosan, xususan, 7-mart kuni 42 tup tol daraxtini qayta tiklash hamda shu yil 8-iyulda 51 tup ayni shu turdagi daraxtlarni sogʻlomlashtirish ishlari olib borilgani maʼlum boʻldi.

    Shuningdek, hudud qaytadan koʻzdan kechirilganda qayta tiklash hamda sogʻlomlashtirish ishlari olib borilgan daraxtlardan tashqari boshqa mavjud daraxtlarga ziyon yetkazilmagani aniqlandi.

    Davlat Oʻrmon xoʻjaligi masʼullarining bildirishicha, bu kabi amaliyotlar shu paytga qadar ham tizimli ravishda oʻtkazilib kelinayotgani, buning natijasida tol daraxtlarining oʻsuvchanligi yanada oshishi kuzatiladi. Ushbu hududdagi tollarning ham hozirda rivojlanishi yaxshi boʻlib, doimiy agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda.