Chilonzor tumanida uch nafar 20 yoshli yigit piyodalar oʻtish joyidan stretch plyonkalarga oʻralgan holda oʻtgani uchun 10 sutkaga qamaldi. Yigitlar buni shart bajarish sifatida qilgani, shuningdek, internetga chiqib ketish orqali mashhur boʻlmoqchi boʻlganini bildirdi. Ularning otalari holat uchun uzr soʻradi.

Toshkent shahrining Chilonzor tumani Bunyodkor shohkoʻchasida stretch plyonkalarga oʻralgan holda piyodalar oʻtish joyidan oʻtgan yigitlarga chora koʻrildi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar dasturida maʼlum qilindi.

2004-yilda tugʻilgan 3 yigitning soʻzlariga koʻra, ular buni shart bajarish sifatida bajargan. Shartga koʻra, yigitlar odam gavjum joydan tanasini butunlay oʻragan holda oʻtishga kelishgan. Shuningdek, internetga joylash orqali tanilish maqsad qilingan.

“Men shu shartni menga bergin, deb iltimos qilganman. Bilardim, maqsad tanilish, shu orqali internetga chiqib ketish edi. Yashil [chiroq]da tez oʻtib olaman degandim”, — deydi yigitlardan biri.

“Men boshidan oxirigacha video olib turganman. Stretchga oʻralganidan keyin yerga yotgan. Men orqasidan video olganman. Keyin YPX xodimlari keldi”, — deydi yana bir yigit.

“Stretchga oʻralib yotishim, dumalab oʻtishim kerak edi. Chilonzorda „probka“ koʻp hozir, oʻta olmaysan desam, yoʻq, oʻtamiz, dedi. Keyin rozi boʻldim”, — deya holatni tushuntirdi yoʻldan shu taxlit oʻtgan yigitlardan biri.

Oʻz navbatida, yigitlarning otalaridan biri farzandining bu ishidan pushaymon ekani, endilikdan uni qattiq nazoratga olishini bildirdi. Yana bir ota yerga yotib, oʻzini xoʻrlagancha video olish, bu orqali mashhur boʻlishga qarshi ekani va buni oʻgʻliga ham tushuntirganini taʼkidladi hamda uzr soʻradi.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)lari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan va tuman sudiga yuborilgan.

Hukmga koʻra, yigitlar MJTKning 183- va 194-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi va ularning har biriga 10 sutkadan qamoq jazosi tayinlandi.