2021-yil yakunlariga koʻra Oʻzbekistonga oʻtkazilgan pul mablagʻlari hajmi 8,1 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan. Buning 70 foizi yoki 5,6 milliard dollari Rossiya Federatsiyasidan oʻtkazilgan. Oʻsha yili Rossiyadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari soni (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maʼlumotlariga koʻra) 1 036 305 kishini tashkil qilgan. 2021-yilda har bir mehnat muhojirining oylik oʻtkazmasi 453 AQSH dollarini tashkil qilgan.
Emigratsion tuzoq mamlakatning iqtisodiy barqarorligi koʻp jihatdan muhojirlar oʻtkazadigan pul mablagʻi, binobarin oʻsha mamlakatning migratsion siyosatiga bogʻliq boʻlgan bir vaziyatni tavsiflaydi. Muhojirlarni uyga qaytishga majbur qiluvchi har qanday iqtisodiy boʻhron mamlakatdagi ishsizlar sonini keskin oshiradi va pul mablagʻlarining kelmay qolishi kambagʻallikni yanada kuchaytiradi.
PMTI ekspertlari muhojirlar oqimiga taʼsir qiluvchi tashqi omillarni inobatga olgan holda tashqi mehnat muhojirligi imkoniyatlarini baholash boʻyicha tahlil oʻtkazdi.
Tahlil natijasida quyidagi asosiy xulosalar chiqarildi:
- ingliz tilini bilish, diplomatik vakolatxonaning mavjudligi, aviachiptalar narxi, shuningdek, borayotgan mamlakatda YAIMning aholi jon boshiga ulushi mehnat muhojirligi uchun muhim omillar ekanligi maʼlum boʻldi;
- donor mamlakatda diplomatik vakolatxonaning mavjudligi mehnat muhojirlarining ketishini 16 foizga oshiradi;
- donor mamlakatlardagi ingliz tilini bilish talabi Oʻzbekistondan ketayotgan mehnat muhojirlari oqimini 55 foizga kamaytiradi;
- imkoniyat 8 foizdan 80 foizgacha boʻlgan Polsha, Bolgariya, Litva, Chexiya, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun eng maqbul yoʻnalishlar boʻlishi mumkin;
- Singapur, Saudiya Arabistoni va Yaponiya kabi mamlakatlar 4 foizdan 49 foizgacha imkoniyatga ega. Ozarbayjon va Belarus Respublikasi MDH mamlakatlari orasida eng katta imkoniyatga ega ekanligi maʼlum boʻldi.
Koʻp jihatdan Rossiyadagi mehnat muhojirlari oʻtkazadigan pul mablagʻlariga bogʻlanib qolish nafaqat mehnat bozori, balki butun respublikadagi vaziyatni yanada chuqurlashtiradi. Shu sabablar tufayli ayni chogʻda ishchi kuchini eksport qilish uchun yangi imkoniyatlarni koʻrib chiqish zarur. Shuni qayd etish joizki, Oʻzbekistondan asosan malaka darajasi yuqori boʻlmagan, oʻrta-maxsus taʼlimga ega ishchilar ketmoqda. Ular asosan qishloq xoʻjaligi, qurilish va qisman xizmat koʻrsatish (sotuvchilar, bemorga qarovchilar, farroshlar va boshqalar) sohalarida mehnat qilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyodagi 27 ta mamlakat bilan mehnat bitimlariga ega. Shunga qaramay, Rossiya, Qozogʻiston va Turkiya oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari yoʻl olayotgan asosiy mamlakatlar boʻlib qolmoqda.
PMTI ekspertlari tashqi mehnat muhojirligi imkoniyatlaridan foydalanishni baholash uchun xalqaro miqyosda ishchi kuchining ketishi (dunyodagi 40 ta mamlakat boʻyicha 2017-2019-yillarga oid maʼlumotlar) gravitatsion model qoʻllanildi. Bunda mehnat bitimlari, diplomatik vakolatxonalarning borligi, inflyatsiya, ishsizlik darajasi, oʻrtacha oylik maosh, aviachiptalar narxi, savdo sherikchiligi, vizalarning mavjudligi, Toshkent va boshqa davlatlarning poytaxtlari orasidagi masofa, inson salohiyatini rivojlantirish indeksi, ingliz tilini bilish indeksi, umumiy din kabi koʻrsatkichlardan ham foydalanildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, donor mamlakatlarda YAIMning aholi jon boshiga nisbatan 1 foiz oʻsishi Oʻzbekistondan mehnat muhojirlarining ketishini 0,7 foiz oshiradi. Aviachiptalar narxining 1 foizga oshishi, mehnat migratsiyasini 1,35 foizga pasaytiradi. Donor mamlakatlarda diplomatik vakolatxonalarning borligi mehnat muhojirlarining ketishini 16 foizga oshiradi. Donor mamlakatlardagi ingliz tilini bilish talabi Oʻzbekistondan mehnat muhojirlarining ketishini 55 foizga kamaytiradi.
Mehnat muhojirlarining ketish modeli asosida bundan keyin xalqaro mehnat migratsiyasini rivojlantirishning ancha istiqbolli boʻlgan bozorlari aniqlandi. Demak, gravitatsiya modeli boʻyicha bu imkoniyat Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining anʼanaviy asosiy donor mamlakatlarida qoʻshimcha 8 foizdan 80 foizgacha deb baholanmoqda. Polsha, Bolgariya, Litva, Chexiya, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar mehnat migratsiyasini rivojlantirishning eng maqbul yoʻnalishlaridir.
Singapur, Saudiya Arabistoni va Yaponiya kabi mamlaktalar 4 foizdan 49 foizgacha imkoniyatga ega. Ozarbayjon va Belarus Respublikasi MDH mamlakatlari orasida eng katta imkoniyatga ega ekanligi maʼlum boʻldi.
PMTI ekspertlari amalga oshirilgan hisob-kitoblar nnatijasida chora-tadbirlar va mexanizmlarni tatbiq etish boʻyicha shunday takliflarni ishlab chiqdi:
1. Xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik, xususan ishchi kuchini eksport qilish sohasidagi kelishuvlarni kengaytirish, mehnat shartnomalarini tuzish va mehnat qilayotgan muhojirlarning huquqlarini himoya qilish.
2. Maktabdan boshlab xorijiy tillarni, ayniqsa ingliz tilini oʻrgatishni sifat jihatidan yaxshilash. Mehnat muhojirligiga joʻnash istagida boʻlgan koʻpsonli fuqarolarni ingliz tili kurslari bilan qamrab olish, mahallalarda ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha bepul kurslarni tashkil etish.
3. Aviachiptalarni xarid qilishda Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi yordamida chipta bahosining 50 foizini toʻlash yoʻli orqali mehnat muhojirlariga imtiyozlarni taqdim etish.
4. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat muhojirlarini joʻnatish uchun muhim, deb hisoblangan mamlakatlarning mehnat bozorini muntazam ravishda chuqur tahlil qilib borishi zarur.
5. Oʻzbekistondan chiqib ketayotgan mehnat muhojirlari haqidagi rasmiy hisobotni takomillashtirish zarur (chunki alohida vazirliklarning raqamlarida tafovut mavjud).
6. Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ishga joʻnatuvchi xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya olishni soddalashtirish.