Mazkur Qonunning yangi tahriri xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirishga hamda pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonun bilan pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari kengaytirilib, unga asosan davlat tomonidan pochta aloqasini xalqaro normalar va standartlarga muvofiq rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ilgʻor innovatsion, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini ragʻbatlantirish belgilanmoqda.

Mazkur Qonun hujjatlarining rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini yurituvchi davlat organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi belgilanmoqda.

Qonun bilan foydalanuvchilarning manziliga oid maʼlumotlar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari, ularning tarkibi toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar pochta aloqasining sirini tashkil etishi va uni davlat tomonidan kafolatlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun pochta aloqasining xavfsizligini taʼminlash choralari toʻgʻrisidagi yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Xususan, pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini taʼminlashga qaratilgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.