“Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbai etib, “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining 100,0 mlrd.soʻm miqdordagi oddiy aksiyalarini qoʻshimcha chiqarish belgilangan.

Hozirgi kunga qadar, tijorat banklardan kredit va lizing mablagʻlarini jalb etgan holda pochta va kuryerlik joʻnatmalarni, davriy matbuot nashrlarni va boshqa joʻnatmalarni markazdagi pochta saralash boʻlimidan olib, oluvchilarga yetkazib berish (bunda aloqa boʻlimlari pochta joʻnatmalarini yetkazib berish faoliyati bilan shugʻullanmaydi) amaliyotini joriy etish maqsadida 240 ta elektroskuter sotib olindi va ish joylariga berildi. Pochta almashinuvlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan avtotransportlar soni esa 388taga yetdi.

“Gibrid pochta” xizmatidan foydalanish boʻyicha 50dan ortiq tashkilotlar bilan shartnomalar tuzildi. Shuningdek, ushbu xizmatni rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish hamda pochta joʻnatmalariga ishlov berish jarayonida qoʻl mehnatini qisqartirish maqsadida, 2ta “Neopost” avtomat konvertlash uskunasi xarid qilinib, Toshkent shahrida sinov tariqasida ishlatilmoqda.

Mijozlar nomiga kelgan pochta joʻnatmalarini olishi uchun moʻljallangan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi 30 ta avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) sotib olindi hamda Toshkent shahridagi 13 ta pochtamat pochta aloqasi obyektlariga va aholi gavjum hududlarga, 17 ta pochtamat Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Nukus, Navoiy, Samarqand, Namangan, Fargʻona (3 ta), Qarshi, Surxondaryo, Toshkent viloyati (3 ta) va Urganch shahriga oʻrnatildi. Bugungi kunda, ularni tarmoqqa ulash va axborot tizimlarini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi “UNISAVDO” brendi ostida Milliy onlayn savdo maydonchasi 2021-yil fevral oyidan sinov tariqasida va mart oyidan boshlab toʻliq ishga tushirildi. Shuningdek, may oyidan mobil ilovasi ishga tushirildi.