Yoʻl harakatini tashkil etish markazi (YHTM) ushbu ishlarga izoh berdi. Mutaxassislar mazkur oʻzgarishlar oddiy almashtirish emas, balki transport tizimini raqamlashtirishga qaratilganini taʼkidlamoqda.

Qayd etilishicha, Toshkentda joriy etilayotgan intellektual transport tizimi har bir chorrahani harakatni tahlil qiluvchi va boshqaruvchi raqamli markazga aylantiradi. Yangi svetoforlar transport oqimini maxsus datchiklar orqali kuzatadi. Agar bir yoʻnalishda harakat kam boʻlsa, yashil chiroq bekorga yonib turmaydi, balki tirbandlik koʻproq boʻlgan tomonga ustuvorlik beriladi.

Shuningdek, tizim jamoat transportini aniqlab, avtobuslar kechikmasligi uchun yashil signalni uzaytirishi mumkin. Yangi svetoforlar tovushli signallar va zamonaviy chaqiruv tugmalari bilan jihozlanib, ayniqsa piyodalar uchun xavfsizlik va qulaylikni oshiradi.

Mutaxassislarga koʻra, eski ustunlardan foydalanish texnik jihatdan mumkin emas. Yangi tizimda barcha elektr va optik kabellar yer osti orqali oʻtkaziladi, bu esa eski infratuzilmaga mos kelmaydi. Shu bilan birga, zamonaviy svetoforlar kamera va datchiklar bilan jihozlangani uchun ustunda tebranish boʻlmasligi muhim. Yangi ustunlar aynan shunday barqarorlikni taʼminlaydi. Bundan tashqari, ular zanglamaydi va uzoq muddat xizmat qiladi.

Yangi tizim joriy etilishi natijasida transport oqimini avtomatik boshqarish imkoniyati yaratiladi. Svetoforlar oʻzaro muvofiqlashib, “yashil toʻlqin”ni taʼminlaydi, bu esa tirbandliklarni kamaytirib, harakatni uzluksiz qiladi. Shu orqali haydovchilar va yoʻlovchilar vaqtni tejaydi, shaharda esa yanada qulay va zamonaviy muhit shakllanadi.

Bu oʻzgarishlar shunchaki eski uskunalarni yangilash emas, balki Toshkent transport tizimini raqamli boshqaruv bosqichiga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.