Afg‘onistondagi Bagram aviabazasi Pokiston havo hujumlari oqibatida zarar ko‘rdi, deb xabar berdi The New York Times (NYT).
“Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bazadagi vayron bo‘lgan omborlarni ko‘rsatdi, bu omborlar 20 yil davomida Afg‘onistondagi Amerika harbiy kampaniyasining qo‘mondonlik markazi bo‘lib xizmat qilgan va Tolibon uchun qimmatli aktiv bo‘lgan”, deb yozdi gazeta.
Bazaning shimoliy qismida joylashgan kamida ikkita katta ombor va bitta aviatsiya angarasi vayron qilingani ta’kidlandi.
1-mart kuni Afg‘oniston havo kuchlari Pokistonning Kvetta shahridagi armiya korpusiga zarba berdi. OAV xabar berishicha, hujumlar o‘tgan kecha Afg‘oniston hududining tun bo‘yi bombardimon qilinishiga javoban bo‘lgan.
27-fevral kuni Afg‘oniston Pokistonga qarshi harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Janglar Nangarhor, Nuriston, Kunar, Xost, Paktiya va Paktika viloyatlarida – Kobul tomonidan ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara sifatida tan olingan Durand chizig‘i (ammo chegara xalqaro hamjamiyat tomonidan tasdiqlanmaganicha qolmoqda) bo‘ylab joylashgan hududlarda avj oldi. Pokiston to‘qnashuvlarni tasdiqladi va xavfsizlik kuchlari Afg‘oniston Tolibonining “sababsiz o‘t ochishiga” javob berishga majbur bo‘lganini da’vo qildi, deb xabar berdi gazeta.ru.