Muloqot chogʻida transport va logistika, oʻzaro tovar aylanmasi, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi, bank ishi kabi ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
2022-yilda 240 million dollarga yetgan Oʻzbekiston-Pokiston oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Tomonlar ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni amalda joriy etish va transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladilar.
Uchrashuvda transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasining hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish boʻyicha ham kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, kelishilgan chora-tadbirlar qatorida multimodal yuk tashish hajmini oshirish, mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish maqsadida har ikki davlat hududlarida terminallar yaratish masalalari ham oʻrin oldi.
Shuningdek, banklararo aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama etildi. Markaziy banklar oʻrtasida SWAP operatsiyalari mexanizmini joriy etish, ikki mamlakat moliya institutlari oʻrtasida vakillik bank munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.