Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

Janobi Oliylariga


Janobi Oliylari!

Sizni va birodar Oʻzbekiston xalqini chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.

Pokiston va Oʻzbekistonni madaniyat, din va anʼanalar mushtarakligiga asoslangan yaqin munosabatlar bogʻlab turibdi. Bizning tarixiy va tamadduniy aloqalarimiz milliy oʻzligimizning ajralmas qismidir. Xalqimiz Samarqand va Buxoro shaharlariga chuqur ehtirom bilan qaraydi.

Mamlakatlarimiz taraqqiyoti va ravnaqi uchun biz ikki tomonlama savdo munosabatlarini kengaytirishimiz va iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashimiz lozimligiga qatʼiy ishonaman. Mintaqamiz ulkan insoniy va tabiiy resurslarga ega. Barcha sohalarda mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish maqsadida iqtisodiyotlarimizning bir-birini oʻzaro toʻldirib turishidan samarali foydalanishimiz lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining 2020-yil sentyabr oyida Pokistonga tashrifi chogʻida Savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish va yaqin orada uning birinchi yigʻilishini Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgan edi.

Mening savdo va investitsiyalar boʻyicha maslahatchimning Oʻzbekistonga tashrifi davomida ikki tomonlama savdo masalalari bilan bir qatorda temir yoʻl koridorlarini rivojlantirish, bank sohasida, iqtisodiy va investitsiyaviy yoʻnalishlardagi hamkorlikning istiqbollari koʻrib chiqilishini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.

Ushbu tashrif umumiy maqsadlarga sari yana-da olgʻa qadam tashlashimiz uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Men ikki tomonlama munosabatlarning butun salohiyatini ishga solishning qatʼiy tarafdoriman.

Sizga Alloh taolodan sihat-salomatlik va baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga esa bardavom taraqqiyot va ravnaq ato qilishini soʻrab qolaman.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Imron Xon,
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri