Pokiston Islom Respublikasining Panjob viloyati gubernatori Muhammad Sarvar Chaudxari boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoroga tashrifi davom etmoqda.
Mehmonlar Ark qoʻrgʻoni, Ismoil Somoniy maqbarasi kabi qator diqqatga sazovor maskanlarda boʻlishdi. Mahalliy hunarmandlar bilan uchrashib, ularning milliy mahsulotlari bilan yaqindan tanishishdi.
Delegatsiyaning navbatdagi tashrif manzili – Poyi Kalon majmuasi va Buxoro gilamchilik markazi boʻldi.
Kalon minorasi va masjidi XII va XVI asrlar oraligʻida bunyod etilgan. Bu obidalar Mir Arab madrasasi bilan uygʻunlashib, goʻzal ansambl hosil qiladi. Ularning meʼmoriy yechimi ajdodlarimiz madaniyati va sanʼatining yaqqol ifodasi sifatida bugun ham barchani hayratga solib kelmoqda.
Tarixiy va meʼmoriy obidalar, xalqimizning milliy hunarmandligi pokistonlik mehmonlarda katta qiziqish, hayrat va havas uygʻotdi.
Mehmonlar Buxoro shahrining tarixiy qismida zardoʻzlik, zargarlik, gilamdoʻzlik, kashtachilik, kulolchilik mahsulotlari bilan tanishmoqda.
Sayilgoh koʻchasi, Toqi zargaron majmuasida oʻzida Buxoroning qadimiy hunarmandlik anʼanalarini aks ettirgan bozor va rastalar delegatlarga koʻtarinki kayfiyat ulashgani haqida respublika “Hunarmand” uyushmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.