Pokiston Eron tomonidan berilgan zarba jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi

    Eron qurolli kuchlari tomonidan Pokiston hududiga berilgan zarba mamlakat havo hududini buzish hisoblanadi va bu og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

    Bu haqda Pokiston tashqi ishlar vazirligining saytida e'lon qilingan bayonotida aytiladi.

    “Eronning Pokiston havo hududini asossiz ravishda buzishini va ikki begunoh bolaning o'limiga va uch qizning jarohatlanishiga olib kelgan Pokiston hududiga bergan zarbasini keskin qoralaydi. Pokiston suverenitetini buzish mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.

    “Bundan ham dahshatlisi, bu Pokiston va Eron o'rtasida bir nechta aloqa kanallari mavjud bo'lishiga qaramay sodir bo'lgan”, deya ta'kidladi Tashqi ishlar vazirligi. Vazirlikning ta'kidlashicha, Pokiston tomoni allaqachon “Eron Tashqi ishlar vazirligining Tehrondagi yuqori martabali xodimiga” “qat'iy norozilik” bildirgan. Bundan tashqari, voqea yuzasidan Eronning muvaqqat ishlar vakili Pokiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

    “Terrorizm mintaqadagi barcha davlatlar uchun umumiy tahdid bo'lib, o'zaro kelishilgan harakatlarni talab qiladi. Bunday bir tomonlama harakatlar yaxshi qo'shnichilik munosabatlariga to'g'ri kelmaydi va o'zaro ishonchga jiddiy putur yetkazishi mumkin”, deya qo'shimcha qildi Pokiston tashqi ishlar vazirligi.

    Avvalroq Eronning Tasnim agentligi Eron qurolli kuchlari “Jaysh al-Zolm” terrorchilik guruhining Pokistonda joylashgan ikki qarorgohiga zarba bergani haqida xabar bergan edi. Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, operatsiyada dron va raketalardan foydalanilgan.

    10-yanvarga o'tar kechasi “Jaysh al-Zolm” terrorchilari Eron janubi-sharqidagi Siston va Balujiston viloyatining Rask va Jangal shaharlari o'rtasidagi nazorat-o'tkazish punktiga hujum qilib, bir politsiyachini o'ldirgan. Guruh avvalroq Eron-Pokiston chegarasida sodir etilgan teraktlar, shuningdek, Eron chegara xizmati xodimlariga hujumlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olgan edi, deb xabar beradi tass.ru.