Uchrashuvda ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat chogʻida ikki Davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonch va oʻzaro hurmatga asoslangan Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar strategik xususiyatga ega ekani hamda Pokiston Hukumati rahbarining joriy yil sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish maqsadida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishiga kuchli turtki bergani taʼkidlandi.

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammiti doirasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat, ilmiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

2016-yildan buyon 5 barobar oshgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining izchil oʻsishiga eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va oʻzaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish borasidagi katta imkoniyatlar mavjudligi, bunga joriy yil mart oyida imzolangan Tranzit savdosi toʻgʻrisidagi Bitim koʻp jihatdan qoʻl kelayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 500 million va bir necha yil ichida 1 milliard dollarga yetkazish imkonini beruvchi hujjat – Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim yuzasidan kelishish va uni imzolash boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning oʻzaro hamkorligini faollashtirish istiqbollari qayd etildi.

Oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida yirik mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Texnik-iqtisodiy jihatlar boʻyicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati, dala tadqiqotlari, mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda tashabbuslarni ilgari surishning moliyaviy, texnik va tashkiliy masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish asosida koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va sheriklikni kengaytirish dinamikasini saqlab qolishga sodiqlik bildirildi. Buning uchun 2023-yil boshida Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Pokiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchrashuvini oʻtkazish boʻyicha kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.