Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, 500 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etyapti.
Koʻrgazmada elektrotexnika, qurilish materiallari, toʻqimachilik, charm-poyabzal, mebel va yogʻochsozlik, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va turizm kabi sohalarga ixtisoslashgan 100 ga yaqin Oʻzbekistonning yirik milliy kompaniyalari oʻz mahsulotlarini namoyish qilyapti.
Tadbir doirasida “B2B va «G2B” muzokaralari tashkil etilyapti. Tadbirkorlar yangi aloqalar oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilyaptilar. Shuningdek, ikki davlat rasmiylari oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida yangi savdo shartnomalarining texnik va huquqiy jihatlarini ham muhokama qilish imkoniga ega boʻlyaptilar.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasi oʻzbek mahsulotlarini Pokiston bozoriga olib chiqish, ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yangi sarmoyaviy loyihalarni yoʻlga qoʻyishda muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston va Pokiston korxonalari oʻrtasida umumiy qiymati 500 million dollarlik savdo shartnomalari imzolanishi kutilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.