Oʻzbekiston elchisi Oybek Usmonov Pokistondagi Oʻzbekiston turizm axborot markazi direktori Hamid Mahmud Chaudri bilan uchrashdi.

Tadbirda pokistonlik sayyohlarning ziyorat turizmi doirasida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga safarlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Yoshlar turizmini rivojlantirish, talabalar almashinuvi, “V2V” uchrashuvlari, seminarlar, akademik sayohatlar, ikki mamlakat vakillarining brifinglarini oʻtkazish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish jadvali kelishib olindi.

Hamid Mahmud Chaudri elchixona koʻmagida Oʻzbekistonda eʼlon qilingan Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili doirasida make up”, gastronomik va ekoturizm boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini oʻtkazish uchun blogerlarni jalb qilishini tasdiqladi.

Muloqotda, shuningdek, pokistonlik talabalar sonini oshirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida markaz direktori islom olami namoyondalari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Zamaxshariy va boshqa buyuk ajdodlarimiz merosini Pokiston ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlar imkoniyatlari orqali targʻib qilishga tayyorligini bildirdi.

Pokiston yoshlari uchun biznes-sayohatlar va yozgi lager turlarini, shuningdek, oʻzbek tur operatorlari yordamida Qoraqalpogʻiston va Xorazmga sayohatlarni rivojlantirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, MICE turizmini rivojlantirish uchun elchixona Markaz va Oʻzbekiston Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda Oʻzbekiston ziyorat turizm elchisi va Pokistondagi “Naqshbandiya” tariqati yetakchisi Xassib ur-Rahmon koʻmagi bilan Pokiston delegatsiyalarining buyuk muhaddis Imom Buxoriy faoliyatiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etishini ishlab chiqadi.

Mamlakatimiz elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Hamid Mahmud Chaudri 31-yanvar kuni Oʻzbekistonga bir guruh sayyohlar bilan tashrif buyurdi. U Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Uzbekistan Airways” kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashuvlar oʻtkazadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.