Rasmiylarning taʼkidlashicha, Pokistonning Balujiston viloyatida joylashgan Xuzdar shahrida maktab avtobusi terrorchi tomonidan nishonga olinib, portlatib yuborilgan. Mazkur portlash oqibatida kamida besh kishi halok boʻlgan. Ulardan uch nafari yosh bolalar, ikki nafari esa katta yoshli ekani aytilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, portlash natijasida 38 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Portlatilgan avtobus davlatning harbiy maktabiga tegishli edi. U ertalab oʻquvchi bolalarni olib ketayotgan vaqtda xudkush terrorchi tomonidan nishonga olingan hamda portlatib yuborilgan, — deydi hukumat vakili Yosir Iqbol “Al Jazeera” nashriga bergan intervyusida.

Pokiston harbiylari ushbu portlashga Hindistondagi terror guruhlarini aloqador deb bilishmoqda. Biroq bu ayblovni isbotlovchi biror dalil taqdim qilinmagan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ham ushbu portlashda Hindiston homiyligida faoliyat yuritadigan terror tashkilotlarining aloqadorligiga ishonishini bildirgan. Shuningdek, bosh vazir portlash oqibatida vafot etganlarning oila aʼzolariga taʼziya izhor qilgan.