Pokistonning Lahor shahrida Oʻzbekistonga viza olishga koʻmaklashish markazi ochildi

    Oʻzbekiston elchixonasi va “Meezab Group” turistik kompaniyasi hamkorligida Pokistonning Lahor shahrida mamlakatimizga viza olishga koʻmaklashish markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Pokiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam boʻldi va unda Panjob viloyati rasmiylari, Elchixona, turistik kompaniyalar, OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mehmonlarga mamlakatimizning boy madaniyati, tarixiy merosi va turistik salohiyati haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, Toshkent va Lahor shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilgani haqida maʼlumot berildi.

    Tadbir davomida Pokiston turistik kompaniyalari va keng jamoatchiligi uchun Oʻzbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari haqida maxsus taqdimot oʻtkazildi. Unda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi, gastronomik, tibbiy, MICE-turizm kabi turli yoʻnalishlardagi ulkan salohiyati alohida taʼkidlandi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Qoʻqon kabi tarixiy shaharlardagi obidalar, milliy taomlar va xizmat koʻrsatishning yuqori sifati mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Tantanali marosimda Oʻzbekiston elchisi videokonferensiya shaklida ishtirok etib, oʻz nutqida soʻnggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar haqida ishtirokchilarga atroflicha maʼlumot berdi.

    Tadbir doirasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muloqot boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.