Delegatsiya tarkibida yirik kompaniya va nufuzli oliy oʻquv yurtlari rahbarlari boʻlib, xususan, “Fatima Group of Industries” kompaniyasi bosh direktori Favad Muxtar, “Lake City Holdings” kompaniyasi asoschisi Goxar Idjaz, “Orient Group of Industries” kompaniyasi bosh direktori Mian Talat, “Ghani Glass Float” kompaniyasi bosh direktori Anvaar A Gani, Lahor universiteti raisi Avays Rauf shular jumlasidandir.
Jahongir Ortiqxoʻjayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashuvidan keyin aloqalar mustahkamlanib borayotganligini, shuningdek, davlatimiz rahbari 2020-yil 29-dekabrda mamlakat parlamentiga yoʻllagan Murojaatnomasida asosiy xorijiy sheriklardan hisoblangan Pokiston bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirilishini alohida qayd etganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik oʻzining ijobiy samarasini berayotganligini eʼtirof etib, bugungi kunda Toshkentda 100 dan ziyod pokistonlik tadbirkor faoliyat koʻrsatayotganligi ham aloqalarimiz mahsuli ekanligini aytdi. Shu bilan birga bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari davrida bunyod etilgan arxitektura yodgorliklariga xalqimizning qiziqishi kattaligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
J. Ortiqxoʻjayev Panjob provinsiyasining iqtisodiy imkoniyatlariga yuqori baho berib, barcha sohalarda hamkorlik qilishga tayyorligini, xususan, elektronika, IT, turizm, toʻqimachilik, tadbirkorlik, zamonaviy taʼlim dasturlari, Bobur davrida qurilgan arxitektura yodgorliklarini oʻrganish yuzasidan ikki davlat mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashish yoʻlga qoʻyilishi maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, Lahor shahri Boburiylar saltanatining birinchi poytaxti boʻlgan davrda Panjob birmuncha yuksalgan. Bugun Panjobning koʻpgina hududlarida Bobur va uning avlodlari davrida bunyod etilgan madaniy va arxitektura yodgorliklarini koʻrish mumkin.
Panjob sanoati rivojlangan yirik provinsiya hisoblanib, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar boʻyicha mamlakat milliy yalpi ichki mahsulotining 59 foizga yaqini mazkur hudud ulushiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, Panjobda ogʻir texnika, sport, elektr, jarrohlik buyumlari, transport vositalari, avtomobil ehtiyot qismlari, metall, shakar, samolyotlar, sement, qishloq xoʻjalik texnikalari, velosipedlar va oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlanadi.
Choudri Muhammad Sarvar davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganligidan mamnunligini, Toshkent shahrining iqtisodiy imkoniyatlarini alohida qayd etib, barcha sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.
Kelgusida Lahor universitetiga oʻzbekistonlik 30 nafar talabaga stipendiya belgilanishi, joriy yilning may oyida Panjobning yetakchi 100ta kompaniyasi rahbarlarini Oʻzbekistonga biznes imkoniyatlarini kengaytirishni koʻrib chiqish uchun yuborishini bildirdi. Shuningdek, Boburiylar davrida bunyod etilgan arxitektura yodgorliklari boʻyicha tajriba almashish maqsadida malakali meʼmorlarni yuborish toʻgʻrisidagi taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.