Tadbir Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan mintaqa markaziy kutubxonasi, shuningdek, Leon Barshevskiyning evarasi va arxiv egasi Igor Stroyeskiy bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Fotomateriallar muallifi Samarqandda 1876-yildan boshlab 21 yil davomida yashab, oʻzbek xalqining anʼana va urf-odatlari, oʻsha davrdagi tarixiy voqealar aks etgan 3 mingdan ortiq surat qoldirgan.

Ushbu koʻrgazmani oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekistonning boy tarixi, madaniyati, anʼanalari, shuningdek, amaliy sanʼati va sayyohlik salohiyatini namoyish etishdan iborat.

Tadbirda mintaqa administratsiyasi va markaziy muzey xodimlari, tarixchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, taniqli amaliy sanʼat ustalari, jurnalistlar va mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.

Koʻrgazmada oʻsha davrga oid 600 ga yaqin fotosurat, 50 dan ortiq eksponat, jumladan, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy liboslar, zargarlik buyumlari va boshqa amaliy sanʼat asarlari namoyish etilmoqda.

Dekabr oyining oxiriga qadar davom etadigan koʻrgazma Oʻzbekistonning koʻp asrlik tarixida yana bir sahifani kashf etish va mamlakat madaniyatiga qiziqish bildirgan etnograf va sanʼatshunos, tarixchi hamda muzeyshunoslar, shuningdek, xalq amaliy sanʼati ixlosmandlari va muxlislarining eʼtiborini tortmoqda.

Oʻzbekiston elchisi Bahrom Boboyev Oʻzbekistonning qadimiy va zamonaviy tarixi, mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yillarida erishayotgan muvaffaqiyatlar haqida soʻzlab berdi. Respublikada turizm sanoatini rivojlantirish, hunarmandchilik anʼanalari, milliy urf-odatlar va boy merosimizni asrab-avaylash uchun yaratilgan shart-sharoitlarni qayd etdi.

Koʻrgazma ishtirokchilari diqqat-eʼtibori Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan amaliy sanʼat va xalq hunarmandchiligi, shuningdek, turizm industriyasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar va dasturlarga qaratildi.

Tadbirda mehmonlarga Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotiga oid axborot materiallari, bukletlar, turli bosma mahsulotlar tarqatildi.

Fotokoʻrgazmaning rasmiy ochilish marosimi ommaviy axborot vositalarida, jumladan, mahalliy telekanal, hudud administratsiyasi va markaziy muzey veb-saytlarida keng yoritildi