80 sahifadan iborat mazkur nashr Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan “REA” nashriyoti va “Drukarnia Skleniarz” matbaa konsernining texnik koʻmagida dunyo yuzini koʻrdi. Qayd etish joizki, 2016-yildan buyon har yili Oʻzbekiston haqidagi nashr chop etiladi.
Jurnalning kirish qismida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan iqtibos keltirilgan, u 2021-yilga moʻljallangan davlat harakat dasturi hisoblanadigan mazkur muhim hujjatning mazmun-mohiyatini ochib bergan.
Nashrning birinchi qismida 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishining mazmun-mohiyati haqidagi materiallar oʻrin olgan. Nashrdagi 17 ta maxsus boʻlim iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, energetika, bank, moliyaviy va ijtimoiy sohalar, pensiya taʼminoti, kambagʻallikni qisqartirish, sayyohlikni rivojlantirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, inson huquq va erkinliklariga hurmat, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish singari eng muhim yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Ikkinchi qism “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish” deb nomlangan. Unda davlatning siyosiy tizimi va ijtimoiy tuzilishi, qonun ustuvorligini taʼminlash sohasidagi eng muhim yutuqlar bayon etilgan. 12 boʻlimdan iborat ushbu qismda taraqqiyotning muhim omili sifatida parlament nazorati, yangi Oʻzbekiston saylov qonunchiligidagi oʻzgarishlar, Oʻzbekiston Prezidenti saylovi sanasini 2021-yil dekabrdan oktyabr oyiga koʻchirish sabablari, davlat maʼmuriy tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar yangi shakllarining afzalliklari, fuqarolarning huquq va manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash hamda himoya qilishda mahallaning oʻrni, yoshlar siyosatining mohiyati haqidagi atroflicha maʼlumotlar oʻz ifodasini topgan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishini taʼminlash, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish, kambagʻallikni qisqartirish va mamlakatda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlar ham oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan.
Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish boʻyicha islohotlar keng yoritilgan uchinchi qismda esa davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari Kengashining 46-sessiyasidagi nutqi chop etilgan. Shuningdek, ushbu boʻlimda Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari ham oʻz aksini topgani barobarida Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligidagi yangi yoʻnalishlar, davlat rahbari tomonidan 2020-yil 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75 yillik yubiley sessiyasida bildirgan global tashabbuslarning mazmun-mohiyati ham ochib berilgan.
Jurnalda korrupsiya va boshqa salbiy hodisalarga qarshi kurash masalalariga alohida oʻrin ajratilgan. Bu mavzudagi materiallarda yangi Oʻzbekistonning eng muhim mohiyati va qonunlarning yetakchi kuchi davlat va jamiyat taraqqiyoti va farovonligining kaliti ekanligi alohida taʼkidlangan.
“Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish” nomli toʻrtinchi boʻlimda Oʻzbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy va innovatsion, transport-kommunikatsiya, energetika, bank-moliya, agrosanoat salohiyati batafsil tahlil etilgan. Unda yangi Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasidagi asosiy oʻzgarishlar, iqtisodiyotda davlat ishtirokini cheklash va xususiy sektor, bank islohotlari, yangi transport va logistika strategiyasi roli va uning ahamiyatini oshirish muhimligi, xalqaro transport yoʻlaklari qurilishida Oʻzbekiston ishtiroki, shu jumladan, Markaziy Osiyoda tranzit imkoniyatlardan foydalanish va boshqa muhim mavzular qamrab olingan.
Jurnalning beshinchi boʻlimida ijtimoiy sohani rivojlantirish va “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini muhofaza qilish yili” davlat dasturini amalga oshirish, uzluksiz taʼlim, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlash singari muhim mavzular yoritilgan. Xususan, koronavirus pandemiyasi davrida sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish, aholini, jamiyatning zaif qatlamlarini, qariyalarni har tomonlama ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻla bayon etilgan.
Oltinchi boʻlimda xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik, Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, MDH va SHHT bilan hamkorlik, JST va YEOII bilan hamkorlik istiqbollariga alohida oʻrin berilgan boʻlib, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani alohida taʼkidlanadi.
Maxsus boʻlimlar Oʻzbekiston tashqi siyosatining yangi modeli, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlash va Afgʻoniston muammosini hal etish borasidagi strategik yondashuvlari, mamlakatning Afgʻoniston iqtisodiyotini qayta qurish, transport, logistika va energetika tizimlarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan.
Jurnalda Oʻzbekiston-Polsha hamkorligining siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlanishi, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar tarixiga alohida eʼtibor qaratilgan.
VII boʻlim Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatda turizm infratuzilmasini takomillashtirish, asosiy sayyohlik yoʻnalishlari va turlari haqidagi maqolalardan iborat. Ularda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi, Qoʻqon va boshqa shaharlardagi qator sayyohlik maskanlari, shuningdek, ichki va xalqaro turizm infratuzilmasi haqidagi maʼlumot batafsil yoritilgan. Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan sayyohlar qayerlarga borishi, nimalarni bilishi zarurligi boʻyicha maʼlumotlar ham taqdim etilgan.
Nashrda, shuningdek, oʻzbek oshxonasining turli taomlari haqidagi maʼlumotlar va ularni tayyorlash yoʻriqnomalari ham jurnalxonlarning eʼtiboriga havola qilingan.
Jurnal 2 ming adadda chop etildi. Nashr siyosat, jamoatchilik, akademik, biznes, jurnalistika doiralari hamda Polshadagi 400 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida tarqatildi.