Qashqadaryo viloyatining qoʻshni Turkmaniston bilan chegaradosh, Qarshi shahridan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Pomuq shaharchasida  “Oʻzimiz keldik” loyihasi doirasida aholiga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Eng quvonarlisi, pomuqliklar bu xizmatdan juda mamnun. Ular “shuncha yoʻl bosib, oʻzlaringiz keldingizmi, koʻzlarimizga ishonmaymiz” deya mamnunligini yashira olishmasdi. Mirishkor tuman Davlat xizmatlari markazi va FHDYO boʻlimi xodimlari Pomuq shaharchasida aholi xonadonlarida sayyor uchrashuvlar oʻtkazishganida koʻplab muammolar yigʻilib qolganiga guvoh boʻlishdi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, olis va chekka hududda sayyor davlat xizmatlari koʻrsatish orqali bir talay byurakratik va korrupsion holatlarning oldi olindi. Bu yerda uzogʻi yaqin, ogʻiri yengil boʻlgan aholi vakillari viloyat va tuman markaziga borib, ishi bitmaganini, koʻp mablagʻ sarflashganini aytib oʻtishdi.

Taʼkidlanishicha, 18 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Pomuq  shaharchasi va yondosh qishloqlarda, asosan turkman millatiga mansub fuqarolar, shuningdek, oʻzbek, tojik, tatar, qirgʻiz, rus va koreys millati vakillari istiqomat qilishadi. DXM va FHDYO boʻlimi xodimlari koʻp millatli shaharchada fuqarolarga davlat xizmatlari, xususan, FHDYO sohasida nikohdan oʻtish, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni olish tartiblari toʻgʻrisida tushunchalar berishdi.

2 nafar oilaning farzandiga tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma, farzandining maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish uchun 10 ta arizalar olindi. Fuqaro Niyozjon Niyozov bugun oʻz uyida nikoh guvohnomasini sayyor tartibda oldi.

– Toʻy tashvishlari bilan ovora boʻlib, nikoh hujjatimni vaqtida ololmadim, – deydi u. – Bugun erta tongdan FXDYO xodimlarining oʻzlari xonadonimga hujjatimni olib kelishdi. Xursandchiligimdan boshim koʻkka yetdi. Chunki bu masalaga ancha vaqtdan buyon yechim topishga qiynalib yurgan edim.

Viloyatdagi shahar va qishloqlarda aholiga sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatish qizgʻin davom etmoqda