Xom sut emgan banda xatoga yo'l qo'yadi. Undan xulosa chiqarishga kelganda esa…
To'rt nafar farzandning otasi, yoshi ulug' pedagogning qilgan jinoyatini eshitib yoqa ushlaysiz.
Har bir ota-ona farzandining komil inson bo'lishi uchun barcha imkoniyatlarni sarflashga harakat qiladi. Farzandim o'qisin, biror kasb egasi bo'lib, jamiyatga foydasi teguvchi mutaxassis bo'lsin deya niyat qiladi.
Azizaning ota-onasi ham farzandining hamshira bo'lib, oq xalat kiyib, insonlar salomatligi uchun posbon bo'lishini niyat qilar edi. Ammo, inson salomatligini asrash juda katta fidoiylik va mas'uliyatni talab qilishini o'ylab ham ko'rishmadi. Azizaning o'qib, ilm olib, mashaqqat evaziga hamshiralik kasbini egallashiga va intilishiga tibbiyot kolleji o'qituvchisi Abdurahim aka kabilarning noinsofligi xalal beradi. "150 AQSH dollari evaziga diplomlik bo'lishing mumkin" deya uning ishonchiga kirishga harakat qildi. Bundan Aziza biroz ajablandi. Abdurahim aka bir necha bor “puling bo'lsa changalda sho'rva” - deya uni fikrini chalg'ita boshladi. Albatta, insonning yo'ldan uradigan uning nafsi. Bekorga xalqimiz “Nafsim mani balodur, yonar o'tga soladur” - deya aytmagan.
Nafsining quliga aylanib, 150 AQSH dollari evaziga tibbiyot hamshirasi diplomini olib berishni va'da qilgan “ustoz”ning jinoyat ustida qo'lga tushganligi achinarli holatda.
Sudning qora kursisida o'tirgan Abdurahim akaga o'xshagan “pedagog” nomiga dog' tushuruvchilar afsuski, oz bo'lsa ham oramizda uchrab turibdi.
Jinoyat ishlari bo'yicha Sirdaryo viloyati YAngier shahar sudida Abdurahim Qurbonovga (ism, shariflar o'zgartirilgan) nisbatan jinoiy ish ko'rib chiqildi. Firibgarlik yo'li bilan olingan 150 AQSH dollari uning xayotini shunchalik o'zgartirib yubordiki, o'zining qilgan ishidan pushaymonligini bir necha bor sudga ta'kidladi. To'g'ri jinoyatga jazo muqarrar.
SHu o'rinda, bir holatga e'tibor bersak, jamiyatimizdagi jirkanch illat, pora olish va berishni kim sodir etmoqda? O'qimishli, to'rt nafar farzandning otasi, jinoyatni tushunish uchun hayotning tajribasi etarli bo'lgan bu shaxsning hatti-xarakatiga atrofdagilar jimgina kuzatuvchi bo'lib turgan bo'lsa. Nahotki biror kishi “To'xta! Haromdan topgan pulni farzandlaringning luqmasiga aylantirasanmi?” - demasa.
To'g'ri, qars ikki qo'ldan chiqadi. Aziza ham o'z ustida ishlab, o'qib, bilmaganlarini o'rganib, mashaqqat chekishi evaziga o'qishga kirishga harakat qilmog'i lozim edi. Afsuski, oson yo'l bilan diplomli bo'lmoqchi bo'ldi. Ammo, insonning salomatligiga etkazilgan zarar va xavf-xatar haqida jiddiy o'ylab ko'rmadi. Insonning salomatligi va hayoti xamma narsadan ustunligini tushunib etishi uchun albatta biror fojea sodir bo'lmasdan, aqlini yig'ib olmog'i zarur edi.
To'g'ri hamshira diplomini ololmas, ammo boshqa kasb egasi bo'lib, tirikchilik qilsa vijdoni oldida ham, jamiyat oldida ham yuzi yorug' bo'lar edi.
Xullas, hayotning biz bilmagan sirli jumboqlari talaygina. Bir bahonai sabab bo'lib, Abdurahim akaning diplomini olgan Azizadan muolaja olishini bir tasavvur qilib ko'ringchi.
Sotib olingan diplom bilan hamshiralik qilgan Aziza kabilar qo'lida qancha insonlar xayoti garov tariqasida turishi barchamizga albatta dars bo'lmog'i lozim. Jinoyat qilgan jazosini oladi, jinoyatni sodir etishda atrofdagilarning beparvoligi ham jinoyat ekanligini vijonimiz oldida oqlay olamizmi. Inson o'zini anglashi uchun fikrlash, muloxaza yuritmog'i lozim. Hech kim jinoyatchi bo'lib tug'ilmaydi, uni atrofdagi muhit etishtiradi. Agar jinoyatni oldini olishda Siz va biz, barchamiz harakat qilmasak jamiyat oldidagi burchimizni unutib qo'ygan bo'lamiz. Zero halollik inson hayoti uchun eng zarur omildir.
O'tgan yilning 27 may kuni Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev O'zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjat korruptsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro'-e'tiborini oshirishga qaratilgan bo'lib, unda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari o'rta muddatli istiqbolda belgilangan bo'lib, 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va etakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta'lim sohalarida «Korruptsiyasiz soha» loyihasi amalga oshirilishi boshlandi.
Joriy yil 1 apreldan boshlab loyiha boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Aytish joizki, adliya organlari tizimida korruptsiyaga qarshi murosasiz urush e'lon qilingan.
Joriy yilning oktyabr oyidan tizimda korruptsiyaga qarshi kurashishning “kompleans nazorat” tizimi joriy etildi. Dunyoning etakchi KPMG kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus loyiha ishga tushirildi. Singapur, Frantsiya, AQSH, Germaniya, Qozog'iston, Belorussiya kabi rivojlangan davlatlar tajribasi o'rganildi.
Bunda, Adliya vazirligi tizimidagi shu jumladan, adliya boshqarmalari, notarial idoralar, davlat xizmatlari markazlari, yuridik ta'lim muassasalaridagi korruptsiya ko'rinishi haqidagi ma'lumotlarni telegramdagi @antikorbot boti orqali yoki vazirlik rasmiy veb-saytidagi maxsus platforma orqali yuborish mumkin.
YUborilgan xabarlar belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi hamda murojaat qiluvchining shaxsi qat'iy sir saqlanishi kafolatlanadi.
Ixtiyor Qayumov,
YAngier shahar adliya bo'limi boshlig'i