Korrupsiya mansabdor shaxsning o‘z vakolatidan foydalanib, o‘zining manfaatlarini ko‘zlab, axloq va odob qoidalarini buzgan holda amalga oshirgan jinoiy harakatlari yig‘indisi bo‘lib, bu jinoiy harakatlar pora olish vositasida amalga oshiriladi. Sodda qilib aytganda, pora ish bitkazish yo‘lidir. Mayda poraxo‘rliklardan ildiz otgan korrupsiya ortidan bir qancha jumladan, talon-toroj qilish, kontrabanda, odil sudlovga qarshi, bojxona, soliq sohasidagi jinoyatlar sodir bo‘ladi. Korrupsiya deganda mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquq va imkoniyatlardan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishni ifodalovchi siyosiy yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat tushuniladi.

Bir qancha yirik jinoyatlar mayda huquqbuzarliklarning yig‘indisidan va ularga chora ko‘rilmasligi oqibatida yuz beradi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, olish berish usuli har xil, lekin mohiyati bitta – pora, korrupsiya. Pora olish, pora berish korrupsiyaga qaraganda torroq tushuncha bo‘lsa-da, aynan korrupsiya atalmish salbiy illatning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Qonunchiligimizda korrupsiya va poraxo‘rlik jinoyatlari uchun mulkiy manfaat ko‘rishning yoki moddiy qimmatliklar olishning miqdori, ya’ni yetkazilgan zararning ancha miqdori, ko‘p miqdori, juda ko‘p miqdori aniq belgilab berilgan.

Korrupsiya uchun faqat pora oluvchi mansabdor shaxslar emas, balki beruvchi shaxs ham javobgar bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolarning huquqi, burchlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarining ustunligi, har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha choralarning ustunligi va mas’uliyatni his etishdir. Keyingi yillarda korrupsiyaga aloqador bo‘lgan jinoyatlar nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, lekin, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir tushuntirish ishlarini amalga oshirish, huquqiy tarbiya va ta’limni, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish, ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish kabi chora tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Nazarimizda korrupsiya davlat va jamiyat hayotida quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Birinchidan, tinchlik, adolat, qonun ustuvorligi kabi qadriyatlarning buzilishiga olib keladi va insonlar o‘rtasida ularning mavjudligi to‘g‘risidagi ishonchni so‘ndiradi. Ikkinchidan, bozor iqtisodiyotida sog‘lom raqobatning yo‘qolishiga zamin yaratadi. Uchinchidan, jamiyatda nosog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitning shakllanishiga sabab bo‘lib, konstitutsiyaviy prinsiplarining buzilishiga olib keladi.

Xulosa sifatida aytish kerakki, quyidagilarni amalga oshirish korrupsiyani oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

- korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirib borish;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalda ta’minlash;

- aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir chora tadbirlarning sifati va miqdorini yanada oshirish;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir kompleks tadbirlar ishlab chiqish;

- davlat organlarining mansabdor shaxslari ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatish.

Kelgusida mazkur illatning oldi olinmasa milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashda ularning kelajagi uchun salbiy ta’sir etishi muqarrar.


Sevinchbek Baxriddinov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jinoiy odil sudlov fakulteti 4-bosqich talabasi