“PowerChina International Group Limited” kompaniyasi Andijon viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasi quradi

    Energetika 3 Avgust 2023 1297

    Joriy yil may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga Oliy darajadagi tashrif doirasida Energetika vazirligi bilan “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi oʻrtasida Andijon viloyatining Andijon tumanida quvvati 400 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha “Anglashuv memorandumi” imzolangan edi.

    Shunga asosan, joriy yil 31-iyulda Energetika vazirligi, Andijon viloyati hokimiyati “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi oʻrtasida loyihani amalga oshirishning asosiy shartlarini belgilovchi shartnomasi imzolandi. Mazkur shartnomaga muvofiq quyidagi ishlar roʻyobga chiqariladi:

    - loyiha doirasida joriy yil sentyabr oyida qurilish ishlari boshlanishi, quyosh fotoelektr stansiyasining dastlabki 100 MVt quvvati 2024-yil 1-aprelga qadar va toʻliq quvvati 2024-yil 30-noyabrga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan;

    - mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushgandan soʻng yiliga 700 million kut/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 212 million kub/metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga 294 ming tonna zararli issiqxona gazlarining chiqishi oldi olinadi.

    Taʼkidlash kerakki, ushbu loyiha uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda foydalanilmaydigan yer maydonlari tanlangan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi 2016-yilda “Power Construction Corporation of China” tomonidan xalqaro loyihalar uchun tashkil etilgan. “PowerChina International Group Limited” bugungi kunga qadar umumiy 200 GVt quvvatga ega loyihalarni amalga oshirgan. Kompaniya 2019-yilda 50,5 milliard dollar, 2020-yilda 58,2 milliard dollar va 2021-yilda 69,5 milliard dollar miqdorida aylanma mablagʻlarga ega boʻlgan.